O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tashabbusi bilan Namangan viloyati Uychi tumanida “Mahalliy Kengashlar faoliyatini namunali tashkil etishning ustuvor yo‘nalishlari: muammo va yechimlar” mavzusida xalq deputatlari viloyat, shahar, tuman Kengashlari deputatlari uchun ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi.
Unda Oliy Majlisi Senatining bo‘lim mudiri Abdurashid Altiyev, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi, senator Ikromxon Najmiddinov, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining doimiy komissiyalari raislari, deputatlik guruhi rahbarlari, shahar va tuman Kengashlarining kotibiyat mudirlari, siyosiy partiyalarning hududiy bo‘limlari raislari, ommaviy axborot vositalari vakillari, onlayn platforma orqali Senatning Hududiy vakillik organlari faoliyatini o‘rganish markazi mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Seminar qatnashchilari dastavval, xalq deputatlari Uychi tumani Kengashi kotibiyati, doimiy komissiyalar faoliyati uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar. Tuman Kengashi kotibiyati xonalari xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatini namunali tashkil etish mezonlari asosida jihozlanib, me’yoriy hujjatlar tayyorlandi. Kengash raisi, kotibiyat mudiri, mutaxassislar, doimiy komissiyalar hamda media markaz xonalari zamonaviy texnikalar bilan jihozlandi.
Tuman hokimligining majlislar zalida bo‘lib o‘tgan seminarda Oliy Majlis Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Odiljon Mamatkarimov, xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi raisi Solijon Mo‘minov parlament yuqori palatasi Kengashining tegishli qaroriga asosan Namangan viloyati bo‘yicha xalq deputatlari Uychi tumani Kengashi faoliyati namunali yo‘lga qo‘yiladigan Kengashlar ro‘yxatiga kiritilgani va bu borada tumanda ijobiy ishlar amalga oshirilganini e’tirof etdi.
Xalq deputatlari tuman Kengashining doimiy komissiyalari raislari o‘z ish faoliyatini tashkil etish bo‘yicha tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Deputatlar va doimiy komissiyalar orasida tashabbuskorligi va faolligi bilan ajralib turgan xalq noiblari va ommaviy axborot vositalari vakillari xalq deputatlari viloyat Kengashi tomonidan munosib rag‘batlantirildi.
Tadbir ishtirokchilari “18-Gulzor” saylov okrugidan tuman Kengashi deputati Avazbek Nasriddinovning “mahalla yettiligi” bilan o‘zaro hamkorlikdagi namunali ish faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Mahallada keyingi yillarda jinoyatchilik, oilaviy ajrimlarning yo‘qligi, infratuzilma yaxshilangani, aholi murojaatlarini hal qilishda tizimli ish olib borilayotganligi alohida qayd etildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA