Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, baliq yetishtirish nisbatan kam xarajat talab qiladi, parvarishi ham qiyin emas va qisqa muddatda barqaror daromad manbaiga aylanishi mumkin.
Buning yaqqol misoli sifatida tomorqasida baliqchilik bilan samarali shug‘ullanayotgan Buxoro viloyati Olot tumanida yashovchi Hamroqul ota Xolmamatov faoliyatini keltirish mumkin.
Hamroqul ota o‘z tomorqasidagi 6 sotix yer maydonida zamonaviy talablar asosida sun’iy hovuz tashkil etdi. Natijada baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan. O‘tgan mavsumda mazkur hovuzdan 1 tonnadan ortiq baliq yetishtirildi. Mehnatining natijasida 40 million so‘mdan ziyod daromad oldi. Bu ko‘rsatkich uy xo‘jaligi sharoitida erishilgan yuqori natija sifatida e’tirof etiladi.

Joriy yilda esa tadbirkor hovuzni to‘liq tozalab, sanitar-gigiyena qoidalariga muvofiq holda tayyorlab, unga 100 kilogrammga yaqin baliq chavog‘ini tashlagan. Rejaga ko‘ra, mavsum yakuniga qadar 1,5 tonnadan ortiq baliq yetishtirish mo‘ljallangan. Bu esa to‘plangan tajriba, muntazam parvarish va to‘g‘ri oziqlantirish orqali natijani yanada oshirish mumkinligini ko‘rsatadi.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, baliqchilikda eng muhim omillardan biri baliq turini to‘g‘ri tanlashdir. Amaliy tajribaga ko‘ra, hovuz sharoitida zog‘ora (sazan), katta bosh (tolstolob), karas va laqqa baliqlari yaxshi rivojlanadi. Ushbu baliq turlari bir mavsum davomida o‘rtacha 3–4 kilogrammgacha vazn to‘plashi mumkin.

Mazkur baliqlarning yana bir ustun jihati shundaki, ular mahalliy iqlim va hovuz sharoitiga tez moslashadi, oziqlantirish jarayoni murakkab emas va bozorda doimiy talabga ega. Ayniqsa, zog‘ora va tolstolob baliqlari tez yetilishi bilan ajralib tursa, laqqa balig‘i go‘shtining mazaliligi va sifatliligi bilan iste’molchilar orasida alohida qadrlanadi.
Muxtasar aytganda, uy xo‘jaligida baliqchilik bilan shug‘ullanish aholi uchun qo‘shimcha daromad manbaini yaratadi.
Zarif Komilov, O‘zA