Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uy olishni istaganlarga kompleks xizmat ko‘rsatuvchi markaz ish boshladi
12:24 / 2022-08-15

Prezident tashrifidan so‘ng...

 

Uy-joy sotib olish, Vatan ichra vatan qilish yoqimli tashvish. Bu yo‘lda harakat boshlagan borki, ko‘pincha turli qiyinchiliklarga duch keladi. Kimgadir qo‘shimcha pul, kimgadir huquqiy maslahat kerak.

“Hali qurilishi boshlanmagan ko‘p qavatli uydan xonadon sotib olish uchun oldindan to‘lov qilsam, aldanib qolmaymanmi? O‘zi subsidiya kimlarga beriladi, uni olish uchun nima qilishim kerak? Arzon uy-joylardan ipoteka krediti asosida qanday olsak bo‘ladi?” Bu kabi savollarning javobi uy olish istagida bo‘lganlarning ko‘pchiligiga albatta qiziq.

Savollarning javobi haqida o‘ylayapmanu, o‘tgan yili Shahboz ismli shifokor do‘stimizning Toshkentdan bir xonali uy olgani yodimga tushdi.

U o‘shanda hali poydevori ham tashlanmagan ko‘p qavatli uydan bir xonali xonadonga to‘lov qildi. Boshlang‘ich badali yo‘q, besh yil  mobaynida oylik to‘lovini qilsa kifoya. Birgina “lekin” degan joyi bor – uyning kalitini roppa-rosa bir yildan keyin topshirishadi. Qanday ajoyib! 

Afsuski, oradan besh-olti oy o‘tib, nimagadir o‘sha uyning qurilishi to‘xtadi. Xaridorlarning to‘lab qo‘ygan pullari sekin-asta qaytarib beriladigan bo‘ldi. Quruvchi tashkilot va’dasini bajaryapti – hozir ham do‘stimizning bank plastik kartasiga 100-200 ming so‘mdan pul tushib turadi.

Uy savdosi bilan bog‘liq shunga o‘xshagan holatlarga ko‘p duch kelamiz. Bu vaziyatda kimni ayblashni bilmaysiz. Avvaliga qaysidir jihati hisobga olinmay boshlangan imorat bugun buzilmoqda. Bir narsa aniq – bu o‘rinda quruvchi ham, oluvchi ham zarar ko‘radi.

Bu kabi holatlar bo‘lmasligi uchun nima qilmoq kerak? Shu va maqola avvalida keltirilgan qator savollarga batafsil javobni poytaxtimizning Yashnobod tumanida tashkil etilgan Toshkent ipoteka markazi faoliyati bilan tanishish asnosida topdik.

Davlatimiz rahbari yaqinda – 10 avgust kuni ushbu markazni borib ko‘rdi. Uning faoliyatini takomillashtirish, odamlarga yanada qulaylik yaratish borasida mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.

Toshkent ipoteka markazining faoliyati nimadan iborat?

Toshkent ipoteka markazi barchaga – yer uchastkalari sotib olishni istagan tadbirkorlarga, developerlik kompaniyalariga hamda ipoteka krediti asosida xonadon sotib olishni istagan jismoniy shaxslarga birdek foydali platforma.

– Bizda poytaxtda qurilayotgan uylar, ularga xizmat ko‘rsatadigan banklar, ipoteka kreditlari, subsidiya olish shartlari haqida batafsil ma’lumotlar bor, – deydi Toshkent ipoteka markazi direktori Jamshid Saidov. – Shuningdek, markazimiz odamlarga auksion orqali yer uchastkalari, uy-joylar va tijorat ko‘chmas mulklarni sotib olishga ko‘mak beradi. Bunday mulklarni xarid qilish shartlari haqida ham batafsil ma’lumot taqdim qilamiz. Shuningdek, yer uchastkalarini sotib olish jarayonida tadbirkorlarga ham ko‘mak beriladi. Uy-joyga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish masalalarida ham yordamlashiladi. Barcha xizmatlar bir joyda ko‘rsatilishi natijasida ko‘plab ovoragarchiliklarning oldi olinadi.

Markazga uy sotib oluvchi xaridor kelsa, uni eshik oldida kutib olgan xodimlar keng zalning o‘ng tomoniga boshlaydi. Yopiq maydonda turli qurilish tashkilotlarining savdoga qo‘ygan uy-joylari maketiga ko‘zingiz tushadi. Maket yaqinida savdo bo‘limlari xodimlari barcha savollaringizga javob berishga hozir. E’tiborlisi, shu joyning o‘zida huquqiy maslahat olish uchun yuridik soha xodimlari, oldi-sotdi qilish uchun notariuslar, shartnoma va to‘lovlar uchun tijorat banklari vakillari bor.

Eng muhimi, bu yerda ko‘rsatilgan uylarning, qurilishi oxiriga yetmaganlarining ham barcha xat-hujjatlari o‘z o‘rnida bo‘ladi. To‘lov qilganlarga keyinchalik kadastr hujjati to‘g‘ri bo‘lmagani, qurilishga ruxsat berilmagani kabi bahonalar ro‘kach qilinmaydi.

Uy qurish, yer uchastkasini sotib olishga kelganlar esa markazga kirishlari bilan chap tomonga yo‘naltiriladi. Ularga ham barcha qulayliklar yaratilgan. Poytaxtning qayeridan qanday qurilish qilsa bo‘ladi, degan savolga markazning o‘zidan javob topiladi. Xaridorga qurilish qilsa bo‘ladigan hududlar maketi ko‘rsatiladi. Tadbirkorning barcha savollariga tegishli mutaxassislar batafsil javob beradi.

Bu kabi markazlarning tashkil etilishiga ehtiyoj qanchalik yuqori?

Bugun aholini uy-joy bilan ta’minlash masalasiga e’tibor har qachongidan ham yuqori. Mamlakatimizda davlat va xususiy sektor tomonidan ko‘plab uylar qurilmoqda. Ularni qulay narxlarda sotib olishga ko‘maklashish maqsadida esa ipoteka kreditlari ajratilayotgani e’tiborga molik. Sir emas, bu boradagi imkoniyatlardan ko‘pchilik bexabar. Joriy yilda ipoteka kreditlari uchun tijorat banklariga byudjetdan 13 trillion so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Lekin olti oyda aholiga ana shu mablag‘ning 30 foizigina berilgani bu fikrlarning asosli ekanini tasdiqlaydi.

Davlatimiz rahbari joriy yil 6 iyulda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham bu masalaga alohida to‘xtalgan edi. Sohada byurokratiyani kamaytirish, aholiga kompleks xizmat ko‘rsatadigan ipoteka markazlari tashkil qilish zarurligini aytgan edi.

Toshkent ipoteka markazi Prezidentning mazkur topshirig‘i asosida ish boshladi. Bu yerda ipoteka bozoridagi takliflar umumlashgan va shaffof tizim yo‘lga qo‘yilgan.

Prezident mutasaddilarga hududlarda ham shunday markazlar tashkil qilish bo‘yicha topshiriq berdi. Xalqimiz turmushini yaxshilash uchun qancha qarorlar chiqayotgani, qulayliklar yaratilayotgani ta’kidlandi. Lekin ko‘pchilik bundan to‘la xabardor emasligini qayd etdi.

[gallery-8314]

Bu markaz uy olishni istaganlarga kompleks xizmat ko‘rsatib, og‘irini yengil qilishi aytildi. Shuningdek, Prezident endi markazning elektron platformalarini rivojlantirib, odamlarga yanada qulaylik yaratish kerakligini ta’kidladi. Ipoteka krediti olish bilan bog‘liq ortiqcha qog‘ozbozlikning oldini olish, bu yo‘nalishda xorij ilg‘or tajribalarini o‘rganish, uy-joy qurishni hududlar kesimida tahlil qilish lozimligi bo‘yicha ham aniq vazifalar tushuntirildi.

Darhaqiqat, bu kabi loyihalarning qo‘llab-quvvatlanishi sohadagi ko‘plab masalalarning hal etilishiga asos bo‘lishi shubhasiz.

bugungi kunda Toshkent ipoteka markazining www.ipotekamarkazi.uz rasmiy sayti faoliyati ham yo‘lga qo‘yildi. Takomillashtirish ishlari davom etayotgan ushbu veb-resurs orqali ipoteka mavzusidagi turli savollarga javob topish, sohaga oid qonunchilik bazasi va yangiliklar bilan tanishish imkoni mavjud.

Ikrom AVVALBOEV, A’lo ABDULLAEV(surat), O‘zA