Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uy-joylarni raqamlashtirish nega kerak?
12:54 / 2024-09-18

Yarim tunda Furqat tumani “To‘rg‘ay” MFYda yashovchi X.M. kutilmagan muammoga duch keldi. Rafiqasi homilador edi. To‘lg‘oq boshlandi.

–Tez yordam chaqiring, – deya iltijo qilardi ayoli. 

Tez yordamga telefonda bog‘landi. Vaziyatni tushuntirdi ham. Manzilni aytishga kelganda... tili aylanmay qoldi. Negaki, ko‘chib kirganiga necha vaqt bo‘libdiki, uyi raqamlanmagan edi.

–Falon ko‘chadan o‘ngga, keyin falon joydan chapga burilasiz, yettita hovlidan keyin...

Er manzilni tushuntirgunicha ayolida og‘riq kuchaydi.

–Chaqirdingizmi, – nola bilan arang shu so‘zni aytdi.

Er ko‘chada zir yugurar, o‘tgan mashinaga umid bilan qarar edi. Nihoyat “Tez yordam” yetib keldi. To‘lg‘oqdan ingrayotgan ayolning ne azob bilan yo‘lda ko‘zi yoridi...

–Afsuski, ko‘chalarning nomlanishi, uy-joylarning raqamlanishi har doim ham o‘z vaqtida amalga oshmay qolyapti, – deydi Farg‘ona viloyat statistika boshqarmasining mutaxassisi A.Abdurazzoqov. – Tez tibbiy yordam, Ichki ishlar xizmati, favqulodda vaziyatlar va boshqa holatlarda manzilni aniq ayta olmaslik esa xonadon, oila a’zolari uchun muammolar keltiryapti. Shuning uchun biz har doim reja asosida ko‘chalar nomlanishi, turar va noturar binolar raqamlanishini xarita bilan solishtirib o‘rganamiz. Aniqlangan kamchiliklar bartaraf etiladi, yangi ko‘cha, uy-joylar haqida xaritaga o‘zgartirish kiritiladi.

Shuni qo‘shimcha qilish kerakki, haligacha nomlanmagan ko‘cha va raqamlanmagan xonadonlar oz emas ekan.

Muhammadjon Obidov, O‘zA muxbiri