Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uy-joyga investitsiya yoki depozit: qaysi biri daromadli?
11:26 / 2025-05-20

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tahliliga ko‘ra, 2025 yil aprel oyi holatiga asosan uy-joyga investitsiya qilishdan keladigan umumiy daromadlilik 6,2 foizni tashkil etgan. Bir yil oldin, ya’ni 2024 yil aprelida bu ko‘rsatkich 27,8 foizga teng edi.

Ijaradan keladigan o‘rtacha daromad mos ravishda 10,9 foizdan 8,5 foizgacha kamaygan, shuningdek, uy-joy narxlari ham 2,4 foizga arzonlashgan. Investitsiya daromadliligi ko‘chmas mulkning joylashgan hududi va xonadonlar soniga qarab farq qilmoqda.

Xususan, 1 xonali uylar bo‘yicha Shayxontohur tumanida daromadlilik 25,1 foizni, Mirobodda 0,4 foizni tashkil etgan. 2 xonali uylar Yakkasaroy tumanida 16,2 foiz, Uchtepa tumanida esa -2,0 foiz darajasida bo‘ldi. 3 xonali uylar Yakkasaroyda 16,8 foiz, Uchtepada 1,6 foiz, 4 xonali uylar esa Yakkasaroyda 15,6 foiz va Olmazorda -2,5 foiz darajasida qayd etilgan.

Mavjud tendensiyalarga ko‘ra, uy-joy xarid qilib, keyinchalik qayta sotish orqali ham yuqori daromad olish imkoniyati kamaymoqda. Masalan, 2024 yil aprelida uy xarid qilgan va 2025 yil aprelida uni sotgan shaxslar o‘rtacha 2,4 foiz zarar ko‘rgan. Uchtepa tumanida bu ko‘rsatkich 7,4 foiz, Yunusobodda 4,4 foiz, Olmazorda 4,2 foizni tashkil etgan. Ammo Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida uy-joylar qiymati ortayotgani sababli o‘rtacha 6 foiz foyda qayd etildi.

Ijara bozorida ham pasayish kuzatilmoqda. 2025 yil aprelida ijaradan keladigan o‘rtacha daromad 8,1 foizgacha tushdi. Eng yuqori ko‘rsatkichlar Mirobod tumanida 9,2 foiz, Shayxontohurda esa 8,9 foizni tashkil etgan. Shu bilan birga, 1 va 2 xonali uylar uchun daromadlilik mos ravishda 8,5 va 6,3 foizgacha kamaygan.

Uy-joy investitsiyasi daromadliligini bank depozitlari bilan taqqoslaganda ma’lum bo‘ladiki, 2024 yil aprelidan 2025 yil apreligacha chet el valyutasidagi muddatli depozitlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 5,1 foizni tashkil etgan bo‘lsa, milliy valyutadagi depozitlar bo‘yicha bu ko‘rsatkich 22 foizga yetgan.

Shunday qilib, ayni paytda bankka milliy valyutada depozit joylashtirish, ayniqsa, inflyatsiyadan himoyalangan holda, ko‘chmas mulkka investitsiya kiritishga nisbatan daromadliroq ekani ko‘zga tashlanmoqda. 

N.Ziyodullayeva tayyorladi,

O‘zA