O‘zbekistonda uy-joy qurilishi va shaharsozlik siyosati yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Joriy yilning 18 noyabrida “O‘zbekiston Respublikasida uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.
Ushbu farmon mamlakatda uy-joy bozorini barqaror, shaffof va uzoqni ko‘zlab rivojlantirishga qaratilgan tub islohotlarni boshlab berdi. Eng muhimi — ushbu farmon bilan Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish Milliy qo‘mitasining tashkil etilishi sohadagi boshqaruvni markazlashtirib, yangi strategik yondashuvlarni amalga oshirishga zamin yaratadi.
Ushbu hujjat uy-joy sohasidagi tizimli muammolarni bartaraf etish, zamonaviy shaharsozlik standartlarini joriy etish va aholi ehtiyojlariga mos bozor mexanizmlarini shakllantirishni nazarda tutadi.
Farmonga ko‘ra, uy-joy sohasini barqaror rivojlantirish bo‘yicha qator strategik vazifalar belgilandi. “Yangi O‘zbekiston” massivlarini barpo etish ishlarini izchil davom ettirgan holda uy-joy fondida zamonaviy xonadonlar ulushini 2040 yilgacha 50 foizga yetkazish, uy-joy qurilishi sohasini “Uy-joyning yagona hayotiy sikli” tamoyili asosida kompleks isloh qilish vazifasi belgilangan. Shu bilan birga, qurib bitkazilmagan uy-joylarni birinchi navbatda qurilishga jalb etish va joylardagi muammoli ob’ektlar bilan bog‘liq noaniqliklarni bartaraf etish, uy-joylar infratuzilmasi qurilishdan oldin shakllantirilishi, ekologik toza materiallardan foydalanilishi va barcha loyihalar ochiq, batafsil rejalashtirilgan holda amalga oshirilishi vazifasi belgilangan.
Bu talablar qurilish sohasida oqilona rejalashtirish, shaffoflik va uzluksizlikni ta’minlashga qaratilgan. Farmon uy-joy qurilishini uzoqni ko‘zlab, to‘liq infratuzilmaga ega holda tashkil etishni belgilaydi. Mazkur yondashuv doirasida, qurilish dasturlari faqat ochiq va aniq ishlab chiqilgan rejalar asosida tayyorlanadi. Loyihalar hududlarning kelgusidagi ijtimoiy ehtiyojlarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Yo‘l, bog‘cha, maktab va kommunikatsiya tarmoqlari uydan keyin emas, balki uy qurilishidan oldin barpo etiladi.
Bu amaliyot uy-joy sohasidagi eski “avval uy – keyin infratuzilma” tizimini batamom bartaraf etadi.
Farmon bilan ushbu sohadagi siyosatni yagona markazda muvofiqlashtiruvchi O‘zbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi tashkil etildi. Milliy qo‘mitaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat.
Urbanizatsiya jarayonlarini muvofiqlashtirish va boshqarish, uy-joy va ipoteka sohasida samarali davlat siyosatini ishlab chiqish, renovatsiya dasturlarini amalga oshirish va nazorat qilish, “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurishda qonunchilik mezonlari va urbanizatsiya tamoyillariga rioya etilishini ta’minlashdan iborat. Shu tariqa, shaharsozlik, uy-joy qurilishi va ipoteka siyosati yagona davlat organi orqali boshqariladigan yagona tizimga aylantirilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, qabul qilingan farmon mamlakatda uy-joy qurilishi va urbanizatsiya sohasini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadi. Kompleks qurilish tamoyilining joriy etilishi, qurilishi tugallanmagan ob’ektlarni faol aylanmaga qaytarish, infratuzilmaning oldindan barpo qilinishi va Milliy qo‘mitaning tashkil etilishi — uy-joy bozorini barqaror va prognozli rivojlantirishga xizmat qiladi.
Uzoq muddatda bu islohotlar aholi uchun qulay, infratuzilmasi yo‘lga qo‘yilgan, ekologik xavfsiz va zamonaviy uy-joylar taklifini sezilarli oshirishi kutilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA