Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uy-joy va imtiyozli ipoteka siyosatida yangi bosqich
18:28 / 2026-01-09

Xonadon bu – to‘rt devor va tomdan anchayin katta tushuncha. U issiq-sovuqdan, yomg‘iru shamoldan panoh etguvchi, bemalol oyoq uzatib yotadigan, o‘zingni erkin his qiladigan, xavfdan xoli hudud, ruhing orom topadigan, bolalaringni tarbiyalaydigan, oilangni shakllantiradigan, qadriyatlar yaratadigan maskaningdir.

Bugungi kunda uy-joy masalasi bir qator rivojlangan mamlakatlarda ham juda keskin bo‘lib turibdi. Uy-joy o‘rta sinf va yoshlar uchun tobora qo‘l yetmas bo‘lib bormoqda. Sababi – urbanlashish va ish o‘rinlarining markazlashuvi, qurilish sur’atining talabdan pastligi, investitsiyaviy va spekulyativ turarjoylar, ipoteka foizlarining o‘sishi, turarjoy siyosatida davlat ishtirokining sustligi. Shu bois, O‘zbekiston singari mamlakatlar bu sohada drayverlik rolini o‘z qo‘liga olmoqda va ijtimoiy va ommaviy qurilishga katta ahamiyat bermoqda.

2024-2025 yillardagi qadamlar ijtimoiy uy-joy va imtiyozli ipoteka siyosatiga yangi impuls berdi.

Tegishli hujjatlar bilan ipoteka kreditlari orqali uy bilan ta’minlashni bozor prinsiplarida jadal rivojlantirish va aholining uy sharoitlarini yaxshilash, uy-joy va ipoteka bozorini yanada kengaytirish, kredit resurslarini oshirish, subsidiyalarni ko‘paytirish choralari, “Yashil” uylar standartlarini joriy etish, ipoteka kreditlarini moliyalashtirish manbalari belgilab berildi. Ijtimoiy ehtiyojdagi fuqarolar uchun maxsus kvotalar berildi, kreditlashning zamonaviy mexanizmlari joriy etildi, ko‘p qavatli uylar qurilishi orqali shahar aglomeratsiyalari rivojlantirildi.

Yangi qo‘llab-quvvatlash choralari daromadi past oilalarning boshlang‘ich to‘lov va kredit foizlarini to‘lashdagi qiyinchiliklarni bartaraf etishga qaratildi. Masalan, davlat kvartira xaridi uchun zarur bo‘lgan mablag‘ning bir qismini qoplab, dastlabki moliyaviy yukni yengillashtirish mas’uliyatini o‘z zimmasiga oldi. Kredit foizlarining ma’lum qismi byudjet hisobidan qoplanib, oylik to‘lovlarni aholi uchun ko‘tarish mumkin bo‘lgan darajaga tushirdi. Kam ta’minlangan oilalar uy-joy va ipoteka subsidiyalari oluvchilari ro‘yxatiga birinchi navbatda kiritila boshlandi. 20 yilgacha bo‘lgan muddat to‘lov yukini vaqt bo‘yicha taqsimlash va turmush darajasining keskin pasayib ketishining oldini olish imkonini beradi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, respublikamizda ayrim oilalarning uyli bo‘lishi uchun hatto imtiyozli ipoteka ham yetarli emas ekan. Uni bartaraf etish uchun ijtimoiy va ijara uy-joy tizimi rivojlantirilmoqda. Bunda kvartiralar imtiyozli ijara to‘lovi asosida taqdim etiladi, keyinchalik uy-joyni sotib olishi mumkin, bolali oilalarga, yolg‘iz ota-onalarga va og‘ir hayotiy vaziyatdagi fuqarolarga ustuvorlik beriladi. Shu tariqa davlat uy-joy masalasini hal etishning bitta emas, bir nechta yo‘lini taklif qilmoqda. 

O‘zbekistonning uy-joy dasturida mehnat muhojirlari yillar davomida xorijda ishlab, vatanidan uy-joy sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lmagan fuqarolar e’tibordan chetda qolmagan. 

Mehnat muhojirlarini qo‘llab-quvvatlash choralari xorijda olingan daromadlar to‘lov qobiliyatini baholashda hisobga olina boshladi. Vatanga qaytib, rasmiy ishga joylashgan muhojirlar boshqa fuqarolar bilan teng ravishda subsidiya olish huquqiga ega bo‘ldi. Vaqtinchalik yashash sharoiti yaratilib, keyinchalik uyni sotib olish imkoniyati berildi.

Bu choralar nafaqat uy-joy muammosini hal etishga, balki mehnat resurslarining mamlakatga qaytishini rag‘batlantirmoqda. Bunday imtiyozlar oila institutini mustahkamlash, barqaror o‘rta sinfni shakllantirish, davlat institutlariga bo‘lgan ishonchni orttirishda katta ijtimoiy samara keltirmoqda.

O‘zbekistonning zamonaviy uy-joy siyosati formal yondashuvdan voz kechayotganini ko‘rsatmoqda. Universal yechimlar o‘rniga, insonning haqiqiy imkoniyatlarini hisobga olgan manzilli qo‘llab-quvvatlash joriy etilmoqda.

O‘zbekiston 2040 yilga qadar har yili quriladigan uy-joylar sonini ikki baravar oshirib 421 mingtaga yetkazish, ipoteka kreditlari portfelini esa 56,7 milliard AQSH dollarigacha ko‘paytirishni mo‘ljallamoqda. Jumladan, yirik aglomeratsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, urbanizatsiya jarayonlarini uyg‘unlashtirish, ulushli qurilishda ishtirok etayotgan jismoniy shaxslarning huquqlarini himoya qilish hamda “Uy-joyning yagona hayotiy sikli” tamoyilini joriy etish nazarda tutilgan. Bu shaharlarni rivojlantirish va uy-joy qurilishining yangi tamoyili bo‘lib, u hududni loyihalashtirishdan tortib uning barcha infratuzilmasi (yo‘llar, maktab, bog‘chalar, shifoxonalar, energiya ta’minoti) bilan birga to‘liq qurib bitkazish va foydalanishga topshirishni o‘z ichiga oladi. Bu tamoyil uy-joy qurilishida davlat va xususiy sektor hamkorligini kuchaytirib, ulushdorlar (oluvchilar) huquqlarini himoya qilish, ekologik va zamonaviy texnologiyalardan foydalanishni nazarda tutadi. 

Shu bilan birga, ijtimoiy va imtiyozli ipoteka dasturlarining kengayishi uy-joy bozorida ayrim xavflarni ham keltirib chiqarishini inkor etib bo‘lmaydi. Subsidiya va imtiyozlar ayrim hollarda aholi uchun real yengillik emas, balki bozor narxlariga “yutilib ketuvchi” omilga aylanib qolishi mumkin. Bu holat uy-joy siyosati doimiy monitoring va bozor muvozanatini saqlash mexanizmlarini talab etishini ko‘rsatadi.

2040 yilga qadar uy-joy qurilishi hajmlarini keskin oshirish va ipoteka portfelini kengaytirish rejalari strategik jihatdan to‘g‘ri bo‘lsa-da, ular davlat byudjeti va moliya tizimiga tushadigan uzoq muddatli yukni ham inobatga olishni talab qiladi. Makroiqtisodiy barqarorlik, inflyatsiya darajasi va bank tizimining tavakkalchiliklari yetarlicha nazorat qilinmasa, ijtimoiy maqsadlar moliyaviy bosimga aylanib qolishi mumkin. Shu bois uy-joy siyosati iqtisodiy realliklar bilan uyg‘un holda, ehtiyotkor va bosqichma-bosqich amalga oshirilishi muhim ahamiyatga ega.

Asqar Haydarov,

iqtisodchi jurnalist