Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi tomonidan fuqarolarning uy-joy qurilishiga jalb etilgan mablag‘larini kafolatli himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan eshituv o‘tkazildi.
Eshituvda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Markaziy bank mutasaddilari, tadbirkorlar ishtirok etdi. Yig‘ilishda fuqarolarning uy-joy qurilishiga jalb etilgan mablag‘larini kafolatli himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hamda kelgusida rejalashtirilgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda qurilish sohasida bir qator islohotlar, shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ipoteka krediti shartlari soddalashtirilib, uy-joy sotib olish uchun subsidiyalar ajratilmoqda.
Eshituvda aytib o‘tilganidek, ko‘p kvartirali uylardan xonadon sotib olishda aholi mablag‘lari himoyasini kafolatlaydigan, hisob-kitoblar maxsus ochiladigan bank hisobvarag‘i orqali amalga oshiriladigan tizim ishga tushirilishi kutilmoqda. Bu bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilgan va jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish uchun tayyorlanmoqda.

Qayd etilganidek, ushbu tizim fuqarolarning uy-joy qurilishi uchun ajratadigan mablag‘larining kafolatli himoya qilinishini kuchaytirib, aholining uy-joy sotib olishda duch keladigan ayrim muammolariga samarali yechim bo‘ladi.
Muhokamalarda ushbu qonun loyihasini Qonunchilik palatasiga kiritish jarayonini tezlashtirish, loyihaning sohaga ta’sirini chuqurroq o‘rganish hamda loyiha yuzasidan jamoatchilik muhokamasi davomida bildirilgan taklif va fikr-mulohazalarni sinchkovlik bilan o‘rganib chiqib, ularni loyihada aks ettirish bo‘yicha vazirlik va idoralarga tegishli tavsiyalar berildi.

Shuningdek, quruvchi tashkilotlar bilan tuziladigan shartnomalarda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish, sohada raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, fuqarolarning murojaatlarida ko‘tarilayotgan masalalarni atroflicha o‘rganib chiqish va samarali yechim berish yuzasidan qator takliflar ilgari surildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA