English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uy-joy sotib olish yoki rekonstruksiya qilish uchun fuqarolarga subsidiya to‘lash tartibiga o‘zgartish kiritilmoqda
09:28 / 2022-07-20

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi joriy yilda uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun fuqarolarga subsidiya to‘lash tartibiga kiritilayotgan asosiy o‘zgartirishlar haqida xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatga olingan fuqaro subsidiya asosida Toshkent viloyatida qurilgan uy-joylarni ham sotib olishiga ruxsat beriladi. Buning natijasida, Toshkent shahrida uy-joyga bo‘lgan 8 mingdan ortiq talab nisbatan qisqartiriladi.

Arizachilarni oilaviy daromad (turmush o‘rtog‘i va turmush qurmagan farzandlari) tartibida baholash joriy etiladi. Natijada, subsidiya daromadi yuqori bo‘lmagan oilalarga manzilli yetib borishi ta’minlanadi. 

Subsidiya talabgorini baholash komissiyasi tarkibidan ichki ishlar bo‘limlari va tijorat banklari chiqarib tashlandi. Natijada esa, arizalarni ko‘rib chiqish muddatini 5 kunga qisqartirishga imkon yaratiladi. 

Fuqarolarni ijtimoiy me’zonlarga asosan baholash va ularni ipoteka krediti bo‘yicha to‘lov qobiliyatini aniqlash mustaqil ravishda olib boriladi. Natijada, ijobiy xabarnoma olgan fuqarolarga ipoteka krediti miqdorini kafil qo‘shish orqali mustaqil belgilash imkoni yaratiladi.

Bundan tashqari, hududiy komissiya yig‘ilishlari elektron tarzda amalga oshiriladi. Natijada, xulosalarni umumlashtirib komissiya yig‘ilishini o‘tkazish va arizachiga taqdim etish muddati 8 kunga qisqartiriladi. 

Yana bir ma’lumot, arizachilarni baholash dasturiy ta’minoti avtomatlashtiriladi va elektron bazalari o‘zaro integratsiya qilinadi. Bu bilan, hujjatni ko‘rib chiqishda yil yakuniga qadar inson omili qisqartiriladi. 

Subsidiyalar ajratishning maqsadli parametrlari doirasida subsidiyalarni tuman(shahar) kesimida qayta taqsimlash amaliyoti tugatiladi.

E’tiborli jihati shundaki, unda talabgorlar subsidiya asosida uy-joyni doimiy ro‘yxatdan o‘tgan hududi doirasida istalgan tuman, shahardan olishi mumkin bo‘ladi.

Ariza faqatgina fuqarolik pasporti ma’lumotlarini(JSHSHIR) kiritish orqali topshiriladi. 

Bu orqali, o‘zgartirishlar natijasida ko‘rib chiqishning umumiy muddatini o‘rtacha 7 ish kunigacha qisqartirishga erishiladi. 



Shahnoza Mamaturopova, O‘zA