Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uy-joy qurilishi: joriy yarim yilda 30 mingdan ziyod xonadon foydalanishga topshirildi
15:48 / 2025-07-11

Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda Iqtisodiyot va moliya vazirligi axborot xizmati rahbari o‘rinbosari Ravshana Umarova 2025 yilda ipoteka va uy-joy dasturlarini moliyalashtirish hamda hisobini yuritish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berdi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 fevraldagi farmoniga muvofiq, bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha asosiy parametrlar tasdiqlangan.

Jumladan, hududlarda jami 8,1 million kvadrat metrdan iborat 135 mingta xonadonli uy-joylar qurilishi rejalashtirilgan. Buning uchun uy-joy va ipoteka bozorini moliyaviy resurslar bilan ta’minlash maqsadida 20,9 trillion so‘m ipoteka kreditlari ajratish belgilangan.

Shu bilan birga, ipoteka kreditlari bo‘yicha dastlabki badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar soni 1,5 baravarga oshirilib, mazkur maqsadlarga davlat byudjetidan 2,5 trillion so‘m yo‘naltirilgan. Uy-joyga muhtoj, daromadi past bo‘lgan 30 ming nafar fuqaroga subsidiyalar ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Ravshana Umarovaning qayd etishicha,  amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida 2025 yilning birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha 30 mingdan ziyod xonadon foydalanishga topshirildi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan qariyb 2,1 baravarga ko‘pdir. 

Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” massivlarida 6 ming 963 ta xonadon qurilishi yakunlanib, foydalanishga topshirildi.

Ushbu massivlarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish uchun davlat byudjeti hisobidan umumiy qiymati 624 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Shu jumladan, avtomobil yo‘llari qurilishi uchun 112 milliard so‘m, ichimlik va oqova suv ta’minoti uchun 280 milliard so‘m, issiqlik ta’minoti uchun 160 milliard so‘m hamda elektr ta’minoti uchun 70 milliard so‘m ajratilgan.

Aholiga uy-joy sotib olishda yordam berish maqsadida 2025 yilning birinchi yarim yilligida tijorat banklari tomonidan 31 ming 589 nafar fuqaroga jami 9 trillion 437 milliard so‘m ipoteka kreditlari ajratildi.

– Ushbu mablag‘larning 6 trillion 389 milliard so‘mi 22 ming 110 nafar fuqaroga respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan, 2 trillion 253 milliard so‘mi 5 ming 990 nafar fuqaroga tijorat banklarining o‘z mablag‘lari hisobidan, 794 milliard so‘mi esa 3 ming 489 nafar fuqaroga O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi mablag‘lari hisobidan ajratildi, – dedi u.

Shuningdek, 2025 yilda tijorat banklari mablag‘i hisobidan 22 ming 362 nafar fuqaroga berilgan 6 trillion 515 milliard so‘mlik ipoteka kreditlari davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qayta moliyalashtirildi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 1,5 baravarga oshgan.

Subsidiyalar masalasiga to‘xtalganda, 2025 yilning olti oyi davomida jami 75 ming 271 nafar fuqaroga 938 milliard so‘mlik subsidiya mablag‘lari to‘lab berildi. Ushbu mablag‘lar doirasida 9 ming 295 nafar fuqaroga 278,9 milliard so‘m miqdorida boshlang‘ich badal uchun to‘lov qilindi. Shuningdek, 2020–2024 yillarda subsidiya asosida ipoteka krediti olgan 65 ming 976 nafar fuqaroga foiz xarajatlarini qoplash maqsadida 660 milliard so‘mlik subsidiyalar berildi.

Brifingda ta’kidlanishicha, 2025 yilda berilgan va amalda bo‘lgan subsidiya xabarnomalari bo‘yicha to‘lovlar ham davom etmoqda. Joriy yilning 10 iyul kuni soat 9:00dan boshlab foydalanilmagan xabarnomalar hisobiga subsidiyalar bo‘yicha arizalarni qabul qilish boshlandi. Hozirga qadar 66 mingdan ziyod ariza kelib tushgan.

N.Ziyodullayeva,

O‘zA