Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uy-joy narxlari bo‘yicha eng yuqori o‘sish sur’atlari Farg‘onada qayd etildi – Ekspert
16:07 / 2022-02-15

Ekspertlarning fikricha, mamlakatimizda yanvar oyining boshida va yoz oylarining o‘rtalarida uy-joyga bo‘lgan talab an’anaviy ravishda kamayadi. Bu paytda ko‘chmas mulk sotib olish orqali xaridorlar pulni tejashlari mumkin.

Shu bilan birga, bozordagi talabning o‘zgarishi ipoteka stavkalaridagi o‘zgarishlarga va qonunchilikdagi yangiliklarga ham bog‘liq bo‘ladi. Biroq, bahorga kelib, uy-joy bozoridagi faollik odatda tiklanadi. 

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sektor mudiri Xalilulloh Hamidovning ma’lum qilishicha, 2022 yil yanvar oyida respublika bo‘yicha 17,7 mingta ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari rasmiylashtirilgan. Bu 2021 yilning shu davriga nisbatan 2,4 foizga kamroq. Biroq, 2020 yilning yanvar oyiga nisbatan o‘sish sur’ati 15 foizni tashkil etdi. 

Mutaxassislarning fikricha, ko‘chmas mulk bozoridagi faollik har yil boshida muntazam ravishda pasayadi, bu esa mavsumiy omil bilan bog‘liq. Yanvar oyida yangi yil dam olishlari va ish ta’tillari paytida xaridorlar odatda ko‘chmas mulkni qidirmaydilar. Bahorga kelib, uy-joy bozoridagi faollik tiklanadi. 

Markaz hisob-kitoblariga ko‘ra, yanvar oyida ikkilamchi bozorda uy-joy o‘rtacha narxlari o‘tgan oyga nisbatan 1,4 foizga o‘sdi (2021 yil dekabrda o‘zgarmagan, noyabrda 1,2 foizga ko‘tarilgan edi). 

Uy-joy narxlarida eng yuqori o‘sish sur’atlari Farg‘onada bo‘lib, 5,2 foizni tashkil etmoqda. Andijon 5 foiz va Navoiy 4,5 foiz viloyatlarida kuzatilgan bo‘lsa, uy-joy narxlarining pasayishi Jizzax -4,2 foiz, Surxondaryo -3,1 foiz, Namangan -2,3 foiz va Sirdaryo -2,1 foiz viloyatlarida qayd etildi. 

Toshkent shahrida uy-joy narxlari 2,4 foizga o‘sdi. Uy-joy narxlarida eng katta o‘sish Mirzo Ulug‘bek, Mirobod va Yashnobod tumanlarida kuzatilgan bo‘lsa, Uchtepa va Olmazor tumanlarida uy-joy narxlari pasaygan. 

Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra, 2021 yilda tijorat banklari tomonidan qariyb 59,6 ming nafar fuqaroga 9,8 trillion so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratilgan. Ushbu ko‘rsatkich 2020 yilga nisbatan 700 milliard so‘mga ko‘proq hisoblanadi. 

2022 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, ipoteka kreditlari qoldig‘i 35,8 trillion so‘mga yetgan. Ajratilgan kreditlarning 7,35 trillion so‘mi birlamchi bozordagi uylarga, 2,44 trillion so‘mi ikkilamchi bozordagi uylar uchun yo‘naltirilgan. 



Shahnoza Mamaturopova, O‘zA