bugungi kunda korrupsiya muammosiga dunyoning deyarli har bir mamlakati duch kelmoqda.
Mamlakatimizda mazkur muammoga qarshi kurash masalasiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva, Uy-joy fondi inspeksiyasi rahbari Azlar Sodiqov hamda qator mutasaddilar poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida bo‘lib, mahallalardagi ko‘p qavatli uylar holatini o‘rganishdi.
Mazkur tumanning «Shalola» mahallasida joylashgan, Qodirova ko‘chasi 11-uyda amalga oshirilgan ishlar ko‘zdan kechirildi.
O‘rganishlar jarayonida mazkur tumanda shirkatlar tomonidan 311,6 mln. so‘m mablag‘ talon-toroj qilingani aniqlangan.
Hozirda aholi murojaatlariga asosan, Uy-joy fondi inspeksiyasi tomonidan Toshkent shahridagi uy-joy mulkdorlari shirkatlarining faoliyatini o‘rganish ishlari davom etmoqda.
Unga ko‘ra, 32 ta shirkat tomonidan 28 ta holatda, jami 3,5 mlrd. so‘m mablag‘ maqsadsiz sarflangani yoki talon-toroj qilingani aniqlandi.
Xususan, Mirzo Ulug‘bek tumanida 409,9 mln. so‘m, Yunusobod tumanida uy-joy mulkdorlari shirkatlarida 563,7 mln. so‘m, Yashnobod tumanida 625,0 mln. so‘m, Sergeli tumani «Mehnat Rohat Servis» shirkatida - 92,9 mln. so‘m, Yangi hayot tumanida 98,0 mln. so‘m, Yakkasaroy tumanida 377,0 mln. so‘m, Olmazor tumanida 245,2 mln so‘m, Chilonzor tumanida 196,9 mln. so‘m, Uchtepa tumanidagi «Afrosiyob servis birinchi», «Afrosiyob servis ikkinchi»,«Afrosiyob servis», «Afrosiyob servis to‘rtinchi» shirkatlarida 753,1 mln. so‘m, Mirobod tumanidagi «Afrosiyob Trakt» shirkatida 15,2 mln. so‘m, Bektemir tumanida joylashgan «Afrosiyob» shirkatida 176,6 mln. so‘m majburiy badal mablag‘lari maqsadsiz ishlatilgan yoki talon-toroj qilingan.
Mazkur holatlar yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etildi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA