Toshkent shahar hokimligida shahar va tuman hokimliklari, nazorat va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, moliya va yoshlar siyosati sohalariga mas’ul tashkilotlar vakillari ishtirokida Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining 4-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Kun tartibi avvalida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi tizimida korrupsiyaning oldini olish, moliya-bank sohasida ochiqlik va hisobdorlikni kuchaytirish, yoshlar o‘rtasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Jumladan, Yashnobod va Sergeli tumanlarida ochiqlikni ta’minlash hamda davlat xizmatlarida shaffof mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan mas’ullar hisobot berdi.

Shuningdek, Chilonzor tumanida amalga oshirilayotgan “Korrupsiyadan xoli hudud” loyihasi, “Yo‘l xaritasi” ijrosi hamda Bektemir tumanida korrupsiya va jinoyatchilikdan xoli muhitni yaratishga qaratilgan kompleks dastur doirasidagi ishlar yuzasidan ham tegishli rahbarlar tomonidan axborotlar taqdim etildi.
Tadbir yakunida korrupsiyaga qarshi kurashishda barcha darajadagi davlat organlari, jamoat tashkilotlari hamda fuqarolarning hamkorligini kuchaytirish, tizimda ochiqlik va shaffoflikni yanada kengaytirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA