Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi rivojida yangi davr (+video)
15:27 / 2025-04-18

18 aprel — Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kuni

Oxirgi yillarda yurtimizda ko‘p qavatli uylar qurilishining jadal sur’atlarda o‘sib borayotgani sohada zamon talablari asosida chuqur islohotlarni amalga oshirishni talab qilmoqda.  

Dunyo tajribasidan kelib chiqqan holda soha bozoriga professional boshqaruv-servis kompaniyalari kirib keldi. Ularga aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish tizimini samarali tashkil etish asnosida qator imtiyoz va kafolatlar berildi. Uylarni boshqarish sohasidagi raqobat muhitini yaratish va pirovardida aholining munosib turmush sharoitlarda yashashini ta’minlash maqsadida boshqaruv kompaniyalar tomonidan qo‘shimcha servis xizmatlar bozori yaratildi.  

– Bugungi kunda ko‘p qavatli uylar soni 43 mingtani tashkil etmoqda, – deydi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva. – Shularning 92 foiziga bugungi kunda boshqaruv kompaniyalari tomonidan xizmat ko‘rsatib kelinmoqda. Hozirga qadar uylarni ta’mirlash, hududlarning infratuzilmasini yaxshilash, moddiy-texnika bazasini shakllantirishga kompaniyalar o‘z hisobidan 280 milliard so‘m, xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan bino va inshootlarni qurish uchun 90 milliard so‘mdan ortiq investitsiya mablag‘larini kiritdi. Shuningdek, kompaniyalar tomonidan tadbirkorlik va qo‘shimcha servis xizmatlar bozori rivojlantirilmoqda. Bugungi kunda boshqaruv organlari balansida jami 18 mingdan ortiq zarur moddiy-texnika va uskunalar mavjud. 2017 – 2024 yillar davomida jami 44 ming 648 ta ko‘p kvartirali uylarda mukammal va joriy ta’mirlash ishlari olib borildi. Respublikadagi ko‘p kvartirali uylarning 95 mingdan ortiq kirish yo‘laklarida joylashgan 108 ming 66 ta elektr taqsimlovchi shitlarda ta’mirlash ishlari olib borilib, 2024/2025 yillar kuz-qish mavsumiga soz holatga keltirildi.

Bundan tashqari qo‘shimcha dastur doirasida respublika bo‘yicha 4 ming 440 ta ko‘p kvartirali uylarda 60 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 1 ming 75 ta uyning tom qismi, 2 ming 338 ta kirish yo‘laklari, 568 ta temir eshiklar, 4 ming 318 ta framuga oyna romlar o‘rnatish, 1 ming 22 ta uy ichki muhandislik tarmoqlari, 4 ming 279 ta energiya tejamkor sensor lampalarni o‘rnatish va 422 ta uylarning fasad qismini ta’mirlash ishlari olib borildi.

E’tiborlisi, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 12 iyundagi 376-son qaroriga asosan 2024 yilda respublika miqyosida 517 ta lift yangilandi. Lift uskunalaridan foydalanishda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida “Xavfsiz lift” platformasi ishlab chiqildi. Mazkur platformaga liftning ishlab chiqarish (import qilish), o‘rnatish va ekspluatatsiya jarayonlari to‘liq kiritiladi hamda liftlarga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning reytingi yuritiladi.

Ushbu platforma ishga tushirilgach, barcha ko‘p kvartirali uylardagi lift uskunalarini real vaqt rejimida kuzatib borish imkoni yaratiladi. Aholi tomonidan foydalanuvda bo‘lgan liftlarning qachon o‘rnatilgani, qaysi tashkilot tomonidan texnik xizmat ko‘rsatilishi, texnik ko‘rikdan o‘tganiga oid ma’lumotlarni kuzatib borish mumkin. Shu bilan birga, 2025 yildan boshlab liftlarni dispetcherlik xizmatiga ulamasdan hamda ikki tomonlama aloqa vositalari bilan ta’minlamasdan ekspluatatsiya qilish taqiqlandi.

Shuningdek, 2023 – 2024 yillarda jami 11 ming 71 ta uyga 108 mingta energiya tejovchi chiroqlar o‘rnatildi. 12 ming 248 ta framuga romlari zamonaviy energiya tejovchi romlarga almashtirildi. Kirish yo‘laklariga 3 ming 220 ta kodli qulfli temir eshiklar o‘rnatildi. Shuningdek, 3 ming 487 ta foydalanishga topshirilgan uylarning tom qismiga jami quvvati 44 ming kVt quyosh panellari o‘rnatildi.

–Toshkent va Jizzax shahri, Toshkent viloyatidaga 18 ta uyda tajriba tariqasida bazalt qoplamasi bilan qoplash ishlari amalga oshirildi, – deydi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Obid Mo‘minov. – Natijada uylarning issiqlik yo‘qotilishi 45 foizga kamayishiga erishildi. 2030 yilgacha bo‘lgan davrda respublikadagi 2016 yilgacha qurilgan uylarni energetik sanatsiya qilish hamda energiya yo‘qotilishini 50 foizga qisqartirish bo‘yicha dastur loyihasi ishlab chiqildi. Dastur loyihasiga ko‘ra, 2030 yilgacha 14 mingdan ortiq uylarni energetik sanatsiya qilish rejalashtirilmoqda.

O‘tgan yil bahor-kuz mavsumlarida “Bir bolaga bir daraxt” shiori ostida respublika bo‘yicha boshqaruv organlari tomonidan ko‘p kvartirali uylar hududlarida jami 2 million 30 ming ko‘chat ekildi. Ushbu an’anani joriy yilda ham munosib davom ettirish maqsadida 2025 yil bahor-kuz mavsumlarida respublika bo‘ylab 365 ming dona daraxt va ko‘chatlar ekilishi belgilab olindi.

Raqamlashtirish borasidagi ishlar ham jadal sur’atlarda davom etmoqda. “Mening uyim” billing tizimida bugungi kunda 42 mingga yaqin ko‘p qavatli uy ro‘yxatga olingan. 2022 yil majburiy badal tushumlari 200 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yilda bu ko‘rsatkich 800 milliard so‘mga yetdi. Joriy yilda ushbu ko‘rsatkichni 900 milliard so‘mga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, tizim aholiga boshqaruv tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni nazorat qilish, reytingini baholash hamda to‘lovlarni onlayn amalga oshirish imkoniyatini bermoqda.  

Shuningdek, boshqaruv organlariga muddati o‘tgan debitor qarzdorliklarni undirish uchun sudlarga davo arizasini kiritish shaxsiy kabinet orqali amalga oshirilmoqda. Bunda “Mening uyim” billing tizimi e-sud platformasi bilan integratsiya qilindi.

Ko‘p kvartirali uylarning yerto‘lalari jismoniy va yuridik shaxslarga foydalanishga berilganda ijara uchun to‘lovlar va boshqa turdagi umumiy mulkdan foydalanishdagi daromadlar hisobi “Mening uyim” billing tizimida yuritilmoqda.  

Lift uskunalaridan foydalanishda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida “Xavfsiz lift” hamda ko‘p kvartirali uylarning texnik pasportlari, ta’mirlangan qismlari, muhandislik tarmoqlari, kommunikatsiyalarining holati kabi ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga oluvchi “Turar joy” platformalari yaratildi. Ko‘p kvartirali uylarni boshqaruvchi boshqaruv organlarining elektron reyestri https://reestr.kommunal.uz/ platformasi ishga tushirilib, boshqaruv organlarining boshqaruvida bo‘lgan ko‘p kvartirali uylar ro‘yxati hamda ma’lumotlari ochiq tarzda yuritiladi.

Mamlakatimizda ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv organlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, do‘stona munosabatlarni kuchaytirish va eng salohiyatli kompaniya tajribasini keng targ‘ib qilish maqsadida “Eng yaxshi boshqaruv organi” Respublika tanlovi o‘tkazildi.  

So‘nggi yillarda mamlakatimizda markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish xizmatlari bilan qamrab olinganlik darajasini oshirish va shu tariqa aholiga munosib turmush sharoitlarini yaratish maqsadida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.  Xususan, so‘nggi 8 yilda aholining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga byudjet va xalqaro moliya institutlarining jami 27,5 trillion so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltirildi. Ushbu mablag‘lar hisobidan 3 ming 627 ta ichimlik va oqova suv inshootlari qurilib, 40,6 ming km uzunlikdagi ichimlik suvi tarmoqlari tortildi.

Natijada respublika aholisining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 63 foizdan 80,9 foizga yetkazildi. Ushbu davr mobaynida 789 ta mahalladagi 4,9 million nafar aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanib, 11,5 million nafar aholining esa ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanishi barchamizni xursand qiladi. Shuningdek, xalqaro moliya institutlarining 179 million dollar mablag‘lari hisobidan jami 926,1 km ichimlik va 146 km oqova suv tarmoqlari tortildi.

Joriy yil 1 ming 619 kilometr ichimlik suvi, 521 kilometr oqova suv tarmoqlarini tortish, tizimdagi 162 ta inshootni qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Natijada 715 ming aholiga ilk bor toza ichimlik suvi yetib boradi, 135 ming xonadon oqova tarmog‘iga ulanadi, 157 ming iste’molchiga zamonaviy hisoblagich o‘rnatiladi.

Natijada aholining markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlanganlik darajasi 82,8 foizga yetkaziladi. Ta’kidlash lozimki, issiqlik ta’minoti sohasida ham keyingi yillarda salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, so‘nggi 6 yil ichida tizimni yaxshilash bo‘yicha 100 ga yaqin loyiha amalga oshirilib, 80 dan ortiq markaziy va mahalliy qozonxonalar hamda 320 km uzunlikdagi issiqlik quvurlari modernizatsiya qilinib,  3 000 ga yaqin ko‘p qavatli uy va 261 ta ijtimoiy soha ob’ektlari issiqlik energiyasi bilan ta’minlandi.

Bu yo‘ldagi ishlar izchil davom etmoqda. Xususan, joriy yilda respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan issiqlik ta’minoti ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish uchun 500 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. Uy-joy hamda bino-inshootlarni issiqlik energiyasi bilan ta’minlash sohasini tubdan isloh qilish hamda binolarning energiya samaradorligini oshirish maqsadida vazirlik huzurida “Issiqlik ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi. Tegishli qaror bilan markazlashgan issiqlik ta’minoti qamrovini 37 foizdan 58 foizgacha yetkazish, tizimdagi yo‘qotishlarni 38 foizdan 20 foizgacha qisqartirish belgilab berildi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/XWmGNgICfr0" title="Uy-joykommunal xizmat koʻrsatish sohasi rivojida yangi davr" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA