Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uy-joy bozorida Eskrou tizimi ishga tushdi
14:15 / 2026-01-03

Uy sotib olish uchun fuqarolar yillar davomida mablag‘ to‘playdi, ba’zan umrning yarmi o‘tib ketadi. Yaxshi orzu-niyat bilan yig‘ilgan pullarni hali qurilishi boshlanmagan yoki tugallanmagan uy-joylar uchun ayrim qurilish kompaniyalariga topshirib, aldanib qolgan holatlar ham uchrab turibdi.

Shuningdek, oxirgi yillarda ayrim qurilish loyihalarida yuzaga kelgan moliyaviy muammolar, qurilishi yakunlanmagan ob’ektlar hamda huquqiy noaniqliklar aholining uy-joy bozoriga bo‘lgan ishonchini jiddiy sinovdan o‘tkazdi. 

Ana shunday sharoitda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 27 yanvardagi "Uy-joy qurilishi sohasini yanada rivojlantirish va turar va noturar joy ob’ektlarni ulush kiritish asosida qurish jarayonini tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilindi.

Farmon uy-joy qurilishi sohasini tartibga solishga qaratilgan. Farmon asosida 2026 yil 1 yanvardan e’tiboran Eskrou hisobi tizimi joriy etilmoqda. Mazkur mexanizm qurilish bozorida xavfsizlik, shaffoflik va mas’uliyatni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.

2026 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda uy-joy qurilishi sohasida yangi moliyaviy mexanizm — Eskrou tizimi joriy etiladi. 

Mazkur islohot Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari, shuningdek, Markaziy bank hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar asosida amalga oshiriladi.

Islohotning asosiy maqsadi ko‘p yillar davomida uy-joy bozorida yig‘ilib qolgan tizimli muammolarni bartaraf etish, eng muhimi, fuqarolarning moliyaviy manfaatlarini himoya qilishdan iborat.

Rasmiy hujjatlarga ko‘ra, ko‘p kvartirali uy-joy qurilishida ishtirok etuvchi xaridorlar tomonidan to‘langan mablag‘lar endi to‘g‘ridan-to‘g‘ri quruvchi hisob-raqamiga o‘tkazilmaydi, balki banklarda ochiladigan Eskrou hisoblarida saqlanadi. Quruvchi ushbu mablag‘dan faqat ob’ekt qurilishi to‘liq yakunlanib, davlat qabul komissiyasi tomonidan foydalanishga qabul qilinganidan so‘ng foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.

Bu talablar qurilish sohasida moliyaviy shaffoflikni oshirish va quruvchilarni qat’iy intizomga bo‘ysindirishga qaratilgan.

Iqtisodchi-ekspert J.Abdullayev:

“Eskrou tizimi qurilish bozorida tabiiy saralash vazifasini bajaradi. Moliyaviy imkoniyati va aniq rejasi bo‘lmagan kompaniyalar bozordan chiqadi, barqaror va mas’uliyatli quruvchilar esa o‘z o‘rnini mustahkamlaydi.”

Mutaxassis ta’kidlashicha, bu jarayon qisqa muddatda ayrim qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin, ammo o‘rta va uzoq muddatda bozor barqarorligi ta’minlanadi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasi bo‘yicha mustaqil tahlilchi N.Yo‘ldosheva:

“So‘nggi yillarda qurilishi tugamagan uylar, huquqiy jihatdan muammoli ob’ektlar sabab minglab odamlar o‘z mablag‘idan ayrildi. Eskrou tizimi ana shu xavflarni minimal darajaga tushiradigan real kafolatdir.”

Yangi tizim xaridor uchun “oldin to‘la — keyin kut” tamoyilidan voz kechib, pul xavfsizligi ustuvor bo‘lgan modelga o‘tishni anglatadi.

Ekspertlarning fikricha, mazkur tizim banklar uchun risklarni sezilarli darajada kamaytiradi. Chunki barcha mablag‘ harakati nazorat ostida bo‘ladi, qurilishning borishi esa moliyaviy jihatdan kafolatlanadi.

Bank sohasi eksperti O.Qodirov:

“Risklar kamayishi ipoteka kreditlarining barqarorlashuviga xizmat qiladi. Bu esa kelgusida foiz stavkalarini qayta ko‘rib chiqish uchun zamin yaratadi.”

Xalqaro tajriba qanday?

Rossiya, Qozog‘iston va Turkiya tajribasi shuni ko‘rsatadiki, Eskrou tizimi joriy etilgan dastlabki yillarda qurilish sur’atlari ma’lum darajada sekinlashgan. Biroq, 2–3 yil ichida bozor tozalanib, sifatli loyihalar ulushi ortgan, xaridor ishonchi esa sezilarli darajada oshgan.

Bir so‘z bilan aytganda, Eskrou tizimi — uy-joy qurilishi sohasida tartib, mas’uliyat va ishonchni ta’minlashga qaratilgan strategik islohot. U fuqarolarni himoya qilish bilan birga, qurilish bozorini sog‘lomlashtirishga xizmat qiladi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA