Bir necha yildirki, O‘zbekiston ulkan qurilish mamlakatiga aylangan. Biror shahar-tuman yo‘qki, bir yilda o‘nlab ko‘p qavatli turar joylar, xizmat ko‘rsatish inoshootlari, ma’muriy binolar qurilmayotgan bo‘lsa.
Farg‘onada ilgari to‘qimachilik, kimyo sanoati yetakchi edi. Endi qurilish materiallari ishlab chiqarish drayverga aylandi. Gazoblok, gipsokarton, kafel, plastik jihozlar mamlakat va xorijga endi Farg‘onadan tarqalyapti. Ularni ishlab chiqarishda Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasidagi korxonalar peshqadam. Yaqinda bu yerda travertin koplamalarining yangi turi yaratildi.

“Asman Silicat” travertin qoplamasi ishlab chiqaruvchi O‘zbekistondagi sanoqli korxonalarning biri. Ta’sischi va rahbar Akmaljon Rasulov 2018 yilda erkin iqtisodiy zonadan yer olib qurgan edi bu korxonani. Mana endi uni Osiyo davlatlarida ham tanishadi.
– Devorlarning ichki va tashqi dekorativ qoplamalarini ishlab chiqaramiz, – deydi Akmaljon Rasulov. – Suyuq va quyuq holatda bo‘ladi. O‘ndan ziyod turi bor. Lekin har bitta turning o‘ndan ziyod xillari, ranglari ham bo‘ladi. Yaltiroq, charxlanadigan...

Xomashyo – asosan tabiiy toshlar mamlakatimizning janub va g‘arbiy viloyatlaridan keltiriladi. Shu yerda uni qayta ishlab, xorijdan keltirilgan qo‘shilmalardan ham foydalanadilar. To‘g‘ri, ishlab chiqaruvchining o‘z siri bor. Shunday bo‘lsada, travertinning emulsiya, yuviladigan, shipga sepiladigan, asos surtkagichi, mineral surtkagich va lak kabi turlari qatoriga yana bir, haligacha amaliyotda qo‘llanmagan, uy ichki devorlari uchun moslangan xilini yaratdilar.
– Odatda travertin tashqi devorga ishlatiladi, – deydi korxona rahbari. – Uni agar bino ichki devoriga ishlatilsa, u o‘zidan sovuq chiqaradi va uy isimaydi. Shuning uchun biz qishda ham travertin ishlatilgan xonalar issiq bo‘lishiga yechim axtardik. Yangi formula yaratdik va haligacha amaliyotda uchramagan travertin turini ishlab chiqardik. Yaqin kunlarda quruvchi va iste’molchilarga taqdim etamiz.

“Asman Silicat” shu kunlarda Afg‘onistonda o‘z tarmog‘ini ochmoqchi. Buning uchun uning rahbari Akmaljon Rasulov bu mamlakatga borib keldi. Shuning uchun ham ishlab chiqarish hajmini oshirish juda muhim bo‘lib qoldi.
– 2024 yilda 1600 tonna travertin ishlab chiqarish rejalashtirilgan edi, uni 2500 tonnaga yetkazdik. 2025 yilga 2400 tonna rejalashtirilgan bo‘lsada, 3000 tonnadan oshishi kutilyapti, – deydi u. –Asosiy bozorimiz tashqi bozor. Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston, Rossiya kabi davlatlarga faol eksport qilamiz mahsulotni. Bundan tashqari, O‘zbekistonning har bir viloyati, shaharida dillerlik vakolatxonamiz bor. Ular orqali yetkazib beryapmiz.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/nkn5dQ5d9g0" title="Uy ichiga qoplash mumkin bo`lgan travertin yaratildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov,
Elyor Olimov(video, surat), O‘zA