Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uvol bo‘lib oqib ketayotgan suvning egasi bormi?
16:17 / 2023-06-06

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan suv bilan bog‘liq muammo haqida murojaat kelib tushdi. Murojaatchilar quvurlar chirishi oqibatida ichimlik suvi uvol bo‘lib oqib ketayotganidan qayg‘urib, shikoyat yo‘llagan.

Yozning issiq kunlarida bir tomchi suv ham ko‘zimizga gavhar bo‘lib ko‘rinadi. Dunyoda qurg‘oqchilik, cho‘llanish avj olayotgan hozirgi pallada bir hovuch ichimlik suviga zorlar qancha?...

Vaziyatni o‘rganish maqsadida Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi "Ma’rifat" mahallasiga yo‘l oldik.

“Toshkent” temir yo‘l stansiyasi orqa tomonida joylashgan mahallada aholining aytishicha, ko‘p xonadonlar bundan yarim asrcha muqaddam qurilgan.

Avvaliga hudud “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli suv ta’minoti tizimi orqali ichimlik suvi bilan ta’minlangan.

Mahallada istiqomat qiluvchi aholining ma’lum qilishicha, 2020 yilda mahallaning yarmidan ko‘pi “Toshkent shahar suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga o‘tkazilgan. O‘sha yili mahallaning "Qashqadaryo" va "Murg‘ob" tor ko‘chalariga yangi suv quvurlari o‘tkazilgan. Yangi suv quvurlari o‘tkazilgan xonadonlarda suv hisoblagichlar ham o‘rnatilgan.

Mahallaning bir qismi esa negadir bu jarayondan qolib ketgan. Mahallada istiqomat qiluvchi Tatyana Safkovaning aytishicha, yangi suv quvurlari o‘tkazilmay qolgan xonadonlar bundan 60 yil ilgari yotqizilgan, hozirgi kunda chirib ketgan suv quvuridan borayotgan suvdan foydalanmoqda. Eng yomoni, chirib, g‘alvir holiga kelgan bu suv quvurlaridan toza ichimlik suvi iste’molchiga yetib borguncha toshib chiqib, isrof bo‘lmoqda.

Bundan ham yomoni — mazkur eski suv quvuri aholi xonadonlarining ichki qismidan o‘tgan. Suv bosimi kuchaygan vaziyatlarda xonadonlarni suv bosgan holatlar ham ro‘y bergan.

Shu mahallada istiqomat qiluvchi Akbar Rustamov oilasi shunday holga tushgan. Aholi vakillari hovlisini suv bosib, uyi yaroqsiz holga kelganlar ham bo‘lganini ma’lum qildi.

Qolaversa, chirigan suv quvuridagi ichimlik suvi aholi salomatligiga qanchalik ziyon yetkazayotganini tasavvur qilish qiyin emas.

Xonadonlardan biriga kirib ko‘rganimizda, haqiqatan ham darvoza oldidan o‘tgan suv quvuri eskirib chirigani, yoriqlaridan suv toshib chiqayotganiga guvoh bo‘ldik.

Qizig‘i, mahalla aholisi bu masalada suv ta’minoti korxonalari, temir yo‘l mas’ullariga, hokimliklarga ko‘p marta murojaat qilgan. Lekin vaziyatni kelib o‘rganib, asosli yechim topib beradigan mas’ul hali topilmagan.

Xo‘sh, bu chirigan quvurlarning egasi aslida kim? Nega oltindan qimmat ichimlik suvi behuda oqib uvol bo‘lmoqda? Aholining arz-dodini nega hech kim eshitishni istamayapti? Odamlar bu sansalorlik oqibatida nega jabr chekishi, xususiy mulklari xatar ostida qolishi kerak? Chirigan quvurdan suv ichayotgan odamlar salomatligi hech kimni qiziqtirmaydimi? 

Savollarimiz egasini topadi va ularga tez orada javob olamiz, degan umiddamiz. Yana shuni umid qilamizki, mas’ullar o‘zini oqlashga emas, muammoning yechimini topishga kirishadi.

Norgul Abduraimova, O‘zA