Ustyurtda topilgan Maugli. Uning keyingi hayoti nima boʻlgan?
Odamlar bolani har tomonlama qutqarishga qaror qilishadi va barcha boʻrilarni otib tashlab, vertolyotni yerga qoʻndirib, bolani ushlashga harakat qilishadi.
1957-yilda bir guruh geologlar vertolyotdan boʻrilarni otib tashlash uchun Ustyurt sahrosiga (Turkmaniston bilan Qoraqalpogʻistonning chegarasida, Sariqamish koʻli atroflarida) ovga chiqadi. Geologlar boʻri toʻdasiga quvib yetib oladi, ammo, qochayotgan hayvonlar orasida taxminan besh yoshli bolaning yugurib ketayotganini koʻrib hayratdan qotib qoladi. Bola ham boʻrilar bilan birga osmondagi dushmandan qochib qutulishga harakat qilar edi.
Odamlar bolani har tomonlama qutqarishga qaror qilishadi va barcha boʻrilarni otib tashlab, vertolyotni yerga qoʻndirib, bolani ushlashga harakat qilishadi. Lekin ularga bolani tutish osonga tushmaydi. Bola xuddi boʻri bolasi kabi irillab yaqinlaganni tishlab, tepar edi. Geologlar amallab tutib uni birinchi navbatda, shifokorlarga yetkazishadi. Kichkina bolaning boʻrilar orasiga qanday qilib tushib qolgani va uning ota-onasi kim boʻlgani nomaʼlum edi. Kasalxonada unga oligofreniya tashxisi qoʻyiladi va Toshovuz ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqiziladi.
Bundan keyin uning uchun odamlar turmushiga koʻnikish kabi juda qiyin va fojiali turmush boshlandi. Bolaga Juma Jumayev deb ism qoʻyilib, insoniy odatlar oʻrgatila boshlaydi. Juma toʻrt oyoqlab boʻriga oʻxshab harakat qilar edi, shu bois tizzalari va kaftlarida qadoqlar paydo boʻldi.
U asta-sekin yurishni, ichishni va ovqatlanishni, keyinroq tishlarini yuvishni, sochlarini tarashni, hojatxonadan foydalanishni va hattoki shaxmat oʻynashni ham oʻrgandi. Baʼzi shifokor-ayollar kichkina bolaga rahmi kelib, uylaridan har xil pishiriqlar olib kelib, ovqatlantirib turdi, kiyimlarini yuvishdi.
Oʻn besh yoshida Juma yozishni, oʻqishni va hatto boʻrilar bilan qanday yashaganligini aytib berishni oʻrgandi. Jumaning soʻzlariga koʻra, boʻrilar unga odamlar kabi munosabatda boʻlishgan, unga oziq-ovqat va boshpana berishgan, odamlar esa aksincha uning “oilasini“ vayron qilib, vahshiylar kabi munosabatda boʻlgan. U odamlar onasini, otasini, aka-uka va opa-singillarini (boʻrilarni) oʻldirishganini koʻzlarida yosh bilan aytib, barmogʻi bilan osmonga ishora qilgan, yaʼni yuqoridan otib oʻldirishganini tushuntirgan.
Bundan keyin Jumani bir kasalxonadan ikkinchisiga tinmasdan koʻchirib turishdi. U Toshovuzdan Ashxobodga, soʻng Ashxobod yaqinidagi togʻlar orasidagi Kalininskiy qishlogʻiga koʻchib oʻtdi. Bu yerda, togʻlar orasida moxovlar ham saqlanar edi. U, shuningdek, uran koni bilan tanilgan Qizilqoya (Krasnovodsk viloyati)ga ham yuborildi. Shu vaqtlarda turkmanistonlik kinorejissyorlar bu dahshatli joy haqida gapirishga harakat qilishdi, ammo ularga bunday qilish taqiqlandi.
90-yillarning boshlarida ommaviy axborot vositalarida turkmanistonlik Maugli haqida maʼlumot paydo boʻlgandan soʻng Moskvadan “Moskovskiy komsomoles“ gazetasi, “Ogonyok“ jurnali kabi yirik nashrlarning jurnalistlari u haqida material tayyorlash uchun Turkmanistonga tashrif buyurdi. Shu vaqtda ORTning “Vzglyad” dasturining boshlovchisi Vlad Listyev Juma Jumayev haqida koʻrsatuv tayyorlab, uning mashhurligini yana-da oshirdi.
Kelgan jurnalistlar Jumani hayvonot bogʻiga olib borib, qafasda oʻtirgan boʻrilarni koʻrsatishar edi. Vlad Listyevning soʻzlariga koʻra, Juma qafasdagi boʻrilarni koʻrganda juda hayajonlangan va uzoq vaqtgacha gapira olmay, boʻrilar qafasiga kirishga jon-jahdi bilan uringan.
1992-yilda Jumani Ashxobodga olib kelganida, unga rejissyor Bulat Mansurov onasining rasmini chizishni iltimos qiladi. Ammo Jumayev boʻrini chizardi. Juma yomon gapirganiga qaramay, unga nima deyilganini juda yaxshi tushungan. Mansurov unga: “Juma, bu boʻri“ desa, u shunchaki jilmayib qoʻyib, koʻzlarida yosh bilan “Bu – onam” deb javob bergan.
Ushbu suhbatdan keyin rejissyor Bulat Mansurov “Turkman Mauglisi” nomli filmni suratga olishga qaror qiladi, lekin birnecha materiallar olgandan keyin unga taqiq qoʻyiladi.
Juma 37 yoshida pasport va nafaqaga chiqish huquqini oladi, lekin u umrining oxirigacha ruhiy kasalliklar shifoxonasidan chiqa olmaydi.
Jumaning navbatdagi joyi, avvalgi uran konlarida joylashgan Krasnovodskdan 300 kilometr uzoqlikdagi Qizilqoya tumani ruhiy kasalliklar shifoxonasi boʻldi. Bu joyda nurlanish kuchli edi. Moskvadan kelgan psixiatr shifokor shaxsan oʻzi nurlanish bor-yoʻqligini tekshirish uchun shaxtalarning biriga tushadi, lekin shundan keyingi qolgan 3 yil umrini oʻzi shifoxonada oʻtkazadi.
Kasalxonaning yangi bosh shifokori lavozimiga tayinlangan Mishenko Vladimir Panfilovich oʻz xizmatini birinchi navbatda shifoxona joylashgan butun hududni dozimetr bilan oʻlchashdan boshlagan. Keyin u oʻz bemorlari uchun xavfsiz yangi joydan shifoxona izlashni talab qiladi. Lekin, koʻp oʻtmay u ham sirli ravishda oʻlim topadi.
Soʻng Juma maxsus maktab-internatga oʻtkaziladi. Jurnalistlarning oxirgi intervyusi 1996-yilda boʻlib oʻtgan, shundan keyin kasalxona eshiklari hamma uchun batamom yopiladi va Juma haqidagi maʼlumotlar toʻliq maxfiy boʻlib qoladi. Uning keyingi hayoti qanday kechgani qorongʻu. Qachon va qanday sharoitda vafot etgani nomaʼlum. Shuni taʼkidlash kerakki, Juma dunyodagi boshqa Mauglilarga nisbatan koʻproq umr koʻrdi. Boshqalar 40 yoshgacha hayot boʻlgan boʻlsa, Juma taxminan 50 yil yashagan. Lekin, u boʻrilar bilan taxminan 5 yil va odamlar bilan 40 yildan ortiq yashaganiga qaramay, odamlar jamiyatini tushuna olmasdan ketdi. Juma Jumayev fenomeni fan uchun ham yangi kashfiyot boʻldi. Uning ismi ilmiy adabiyotlarga ham kiritildi.
– Ustyurtdagi Mauglini, yaʼni Jumani Qoraqalpogʻiston hududida, yaʼni Sariqamish koʻli atroflarida tutgan, — deydi qoraqalpogʻistonlik yozuvchi Oʻmirbay Oʻteoʻliyev. – Men Ustyurtdagi choʻponlardan bu voqeani koʻp eshitganman. Boʻrilarda juda koʻp karomat bor.
Taniqli yozuvchi va jurnalist Oʻmirbay Oʻteoʻliyevning ijodida boʻrilar mavzusiga oid juda koʻp asarlar bor. Ustyurtdagi boʻrilarga oid yana bir qiziqarli voqeani saytimiz orqali yaqinda yoritamiz.
Saytimizni kuzatib boring.
*Suratda – Juma Jumayev. 1990-yil boshlari. Qizilqoya ruhiy kasalliklar shifoxonasi. Turkmaniston.
Suratni “Rodina” jurnali muxbiri Yuriy Kozirev olgan.