Munosabat
Ezgu maqsadlar islohotlarga chorlaydi, taraqqiyot esa hamisha halollikka tayanadi. Prezidentimiz tomonidan 26 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnoma taqdim etildi. Unda davlatimiz rahbari ko‘plab yo‘nalishlarga to‘xtalar ekan, yurt taraqqiyotiga zarar yetkazuvchi illat – korrupsiyaning salbiy oqibati va unga qarshi kurashishda yakdillikning ahamiyatiga ham urg‘u berdi.
– Korrupsiya – davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdid. Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish esa islohotlarimizga xiyonatdir! Bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha 2026 yilda “favqulodda holat” e’lon qilamiz – dedi Prezident.
– Prezidentimizning Murojaatnomasi biz kutgandan ham samarali bo‘ldi. Bu har yili amalga oshiriluvchi odatga aylandi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi, – deya fikr bildiradi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar. – Murojaat, deganda aslida Prezidentimizning qalbidagi yurt uchun qilgan orzulari, istaklarining xalqimizga izhori deb aytishimiz mumkin. Bugun hamma jabha haqida so‘z yuritildi. Quvonarlisi esa bizning shu paytga qadar erishgan yutuqlarimiz ko‘lamining kengligidir. Iqtisod, siyosat, ijtimoiy xizmatlar, ta’lim – bularning barchasi aholi farovonligi, yoshlarimiz kelajagi uchun qilingan ishlardir.
Shu bilan birga, korrupsiyaga qarshi kurashishda birlashish masalasiga alohida to‘xtalgani ham Davlat rahbarining yurt taqdiriga hamisha qayg‘urishidan yana bir bor dalolatdir. Bu yo‘lda hamfikrlikda bo‘lishga chorlayotgani ham muhim haqiqat.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/X2TTxBS6iuc" title="Ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha birlashsak, inson qadri yanada yuksalaveradi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Abdulaziz RUSTAMOV yozib oldi, O‘zA