Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ustun mavqeini suiiste’mol qilgan korxonalarga moliyaviy jarima joriy etilishi kutilmoqda
16:09 / 2022-10-10

Barchaga ma’lum, raqobat bo‘lmasa, sifat bo‘lmaydi, narx tushmaydi. Shu bois, mamlakatimizda korxonalarda monopoliyaga qarshi komplayens tizimini joriy etish, raqobatni ta’minlash, monopoliyadan chiqarish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) bilan hamkorlikda 2021 yil 25 noyabr sanasida start berilgan «Raqobatbardoshlikni ta’minlashning adolatli bozor shartlari» loyihasi doirasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. 
 
Poytaxtimizdagi «Frank Fort hotel» mehmonxonasida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti ekspertlari, yurtimizdagi bir qator mutasaddi vazirlik va idoralar rasmiylari ishtirokida «Tovar va moliya bozorlarida ustun mavqei holatlarini suiiste’mol qilish holatlari» mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyasi o‘tkazildi.  
 
— Xorijiy eksportlar yordamida O‘zbekistonda raqobatni rivojlantirish, bozorda ustun mavqeiga ega bo‘lgan korxonalar tahlil qilingan, — deydi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Asadulla Qayumov. — Tadbirda xorijiy ekspertlar tomonidan berilgan takliflar muhokama qilindi. Ustun mavqeidan foydalanib, raqobatga salbiy ta’sir qiluvchi omillar maqsad qilib olingan. bugungi kunda yurtimizda 90ga yaqin ustun mavqeiga ega bo‘lgan korxona 110 ga yaqin tovar bozorida monopoliya holati saqlanib qolmoqda. Shu jumladan, metallurgiya, neftni qayta ishlash, kimyo, avtomobil va mashinasozlik, tog‘-kon sanoati sohalarida hamda yirik tabiiy monopoliya sohalarining atrofidagi yondash bozorlar ham ular tomonidan egallab olinayotgani kuzatilmoqda. Xalqaro ekspertlarning fikricha, ustun mavqeiga ega bo‘lish agar tabiiy ravishda vujudga kelgan bo‘lsa, bozorda raqobatlashayotgan korxonalar orasida o‘zining innovatsion harakatlari orqali ustun mavqeiga kelishi bu yaxshi holat. Biroq, u korxona bozorda ustun bo‘lganidan keyin boshqa korxonalarning bozorga kirishini cheklashi, bu – monopol hisoblanadi. 
 
Tadbirda O‘zA muxbirining mamlakatimizdagi 110ga yaqin monopol korxonalar, xususan, "UzAuto Motors"ning ustun mavqeidan foydalanishiga chek qo‘yish bilan bog‘liq ishlar to‘g‘risidagi qiziqishlariga Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Asadulla Qayumov quydagicha javob qaytardi. 
 
– Haqiqatan ham "UzAuto Motors" ustun mavqeiga ega, – deydi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Asadulla Qayumov. — "UzAuto Motors" kompaniyasini doimiy nazorat qilyapmiz. bugungi kunda qonunchiligimizda moliyaviy jarimalar ko‘zda tutilmagan. Faqatgina Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 178-moddasi bilan 3 minimaldan 4 minimalgacha jarima bilan jazolanadi. Yuqoridagidek ustun mavqeyini suiiste’mol qilgan kompaniyalarga juda katta moliyaviy jarimalar qo‘llanishi vaziyat barqarorlashishiga sabab bo‘ladi. 
 
Ekspertlarning ta’kidlashicha, xorijiy davlatlarda korxona aylanmasining 1 foizdan 10 foizgacha moliyaviy jarimalar qo‘llanadi. Bizda bunday moliyaviy jarima yo‘q. bugungi kunda xorijiy ekspertlar bilan hamkorlikda mamlakatimizdagi korxonalar faoliyati o‘rganilib, chuqur tahlil qilindi. Ular bu borada takliflar bermoqda. Yaqinda Raqobat to‘g‘risidagi qonunning yangi tahririni Oliy Majlisga taqdim etganmiz. Bu qonunning tahririda ustun mavqeyini suiiste’mol qilganlar uchun moliyaviy jarimalar joriy etilishi kutilmoqda. Yangi tahrirdagi qonun tasdiqlansa, ustun mavqeyini suiiste’mol qilgan korxonalarga zarur moliyaviy choralar ko‘riladi. 


 
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA