Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ustozning mehri va mehnatini hech narsa bilan ado qilib bo‘lmaydi
12:28 / 2022-10-01

Kishiga baho berilar ekan uning yaxshi fazilatlari uchun avvalo, ota-onasiga, keyin ustoziga rahmat aytiladi. Har bir insonning ma’nan sog‘lom, jamiyat taraqqiyotiga kerakli shaxs bo‘lib yetishida ustozlarining o‘rni beqiyos bo‘ladi.

O‘zA muxbiri jamiyat taraqqiyotida faol bo‘lgan shaxslarning ta’lim-tarbiya bergan ustozlari haqidagi fikrlarini yozib oldi. 

Dilnavoz Yusupova, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Navoiy viloyat Kengashi bo‘lim boshlig‘i: 

– Bugun ortda qolgan maktab yillari kinotasma kabi ko‘z oldimda birin-ketin aylanyapti. Birinchi o‘qituvchimni esladim. 



Bola qalbini tushunish uchun boladek bo‘lish kerak, deyishadi. Mening birinchi o‘qituvchim Sayram Rajabova bola dunyosidan xabardor, o‘zi ham boladek samimiy va dilbar ayol edi. 1996 yilda Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi 29-maktabga 1-sinfga qadam qo‘yganman. Ustozimiz bizga muloyimlik bilan dars o‘ta boshlaganlarini yaxshi eslayman. O‘qituvchim darsda barchadan faollik talab qilardi. Hech kimni jazolamasdi. Turli yo‘llar bilan fanlarga qiziqishimizni oshirardi. Ustozimiz kelajakda biz tanlagan kasbimizdan kelib chiqib, qanday bilimlarni egallashimiz kerakligini erinmay tushuntirardi. “Yaxshi o‘qing, bilim olishni to‘xtatmang, ilm jamiyatda munosib o‘rin egallashlaringiz uchun bir qanot”, deya bizni doim ruhlantirgan. 

Birinchi o‘qituvchimizning alohida xislati shundaki, o‘quvchidagi yashirin qobiliyatni tezda payqay olgan va ushbu qobiliyatni yuzaga chiqarishga tinmay harakat qilgan. Ya’ni, bizning istak-xohishlarimizga qanot bag‘ishlagan. Ustozimning astoydil mehnati samarasida jamiyatga foydasi tegadigan ko‘plab insonlar yetishib chiqdi. Erishgan yutuqlarimizda ustozimning hissasi katta. Shu sababli birinchi o‘qituvchimizni doim e’zozlaymiz, ularga hurmat izhor qilamiz. 

Shu o‘rinda, kelajakka qanot berib parvoz qilishni, to‘siqlarni yengib o‘tishga kuch topishni o‘rgatgan, maqsadga erishishda sabr va bilim eng yaqin hamroh ekanligini uqtirgan, bolalik qalbimni ma’rifatdan ushatgan rizqi bilan to‘ydirgan birinchi o‘qituvchim Sayram Rajabovani va barcha qadrli ustozlarimni bayram bilan tabriklayman. 

Gulchehra Ashurova, jurnalist: 

– Romitanning olis qishlog‘ida ulg‘ayganman. Uyimiz va maktab orasi 2 kilometrdan sal uzoqroq edi. Qishda loy, issiq kunlarda chang kezib borardik. Maktabimiz tumandagi eng katta ta’lim muassasasi bo‘lgan. Birinchi sinfga chiqqan kunlarimni eslayman. Bo‘ylari baland, xushbichim ayol, sohada uzoq yillik tajribaga ega pedagog Momojon Shukurova iliq kutib olganlar. Avval harf tanidik, keyin Vatanni. Asta-sekin orzu qilib, maqsad qo‘ya olishni o‘rgandik. Ijodga ixloslari bor edi. She’rlaridan o‘qib berardi. Ularda qishloq ayolining orzulari, armonlari mujassam edi. O‘quvchilarining kelajagiga ishonch bor edi. Men she’r deb atagan ilk qoralarim 2-sinfligimda yozilgan. Hanuz esimda... 

Oymomojon, oymomo, 
Osmondagi boy momo, 
Qalbimizni yoritasan, 
Oltinday tovlanasan. 

She’rni tinglab, ustozim yaxshigina olqishlaganlari esimda. Boshlang‘ich sinfni a’lo baholarda tugatganimda ota-onam kabi ularning ham o‘rni beqiyos. Endi o‘ylab qarasam, faqatgina ota-ona va ustozlarimiz maqsadlarimiz ushalishiga shubha qilmagan. Kuchli bo‘lishga undagan.  

14 yildan buyon poytaxtda yashayman. Yaqinlar, ustozlar, qishlog‘imiz odamlari, tabiatini doim sog‘inaman. bugungi yutuqlarim, davlat xizmatchisi sifatida el koriga yarayotganimda ularning o‘rni beqiyosligini anglayman. Yaxshi ustozning mehri va mehnatini hech narsa bilan ado qilib bo‘lmaydi. Balki hozir yozayotganimni ilk ustozim o‘qimas, lekin shuni aytmoqchimanki, qishlog‘imizning bugun zamonaviy ko‘rinish kasb etishi, u yerda ulg‘aygan farzandlarning nafaqat O‘zbekistonimizning turli hududlarida, balki dunyoning qator mamlakatlarida yashab, quvonarli natijalarga erishayotgani Siz kabi metin irodali, jasur ustozlarning mehnati mahsuli. Ustoz, biz sizdan minnatdormiz. 

Yazdon Tashanov, Kattaqo‘rg‘on tumani O‘zLiDeP faxriylari Kengashi raisi: 

– Qo‘limga ilk qalam tutgan ustozim Robiya opa Odilovani (Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin) juda  ko‘p eslayman. U kishini qattiq gapirganini yoki tanbeh berganini eshitmaganmiz. O‘quvchilarga jonim bolam, deb murojaat qilar edi. Tezroq tong otsayu maktabga borsam, degan o‘y bo‘lardi bizda. Sinfimizda esa bizni eski, devorlari oqlanmagan, g‘isht terilgan, isitish tizimi o‘rnida eski cho‘yan pechka qarshi olardi. Ustozimiz hammadan oldin borib, sinf xonani isitib, bizni kutib olar edi. 

Ustoz o‘gitlarini har qadamda eslayman. Duolari sabab, ilmlari sabab biz shu marralarni zabt etdik, deb o‘ylayman. Farzand, nabiralarimga ham ustozlar hurmatini joyiga qo‘yishni, e’zozlashni aytaman. Kezi kelganda ustozlarining koyigani, urushib berishlaridan xursand bo‘lishi kerakligini uqtiraman. Ana shu dakkilar ertaga uni katta marralarni zabt etishiga turtki bo‘ladi.  


Dilobar Mamatova yozib oldi. 

O‘zA