Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ustozning hayot yo‘li ibrat maktabidir
17:09 / 2022-09-28

Inson hayotda mehnati, olib borayotgan xayrli va ezgu ishlari bilan qadr topadi. Yana oramizda shunday insonlar borki, ular o‘z zimmasidagi vazifani ado etishga nafaqat bilimi, salohiyati, balki qalb qo‘ri, mehrini baxshida etadi. Kasbiga bo‘lgan sadoqati, fidoyiligi tufayli el-yurt orasida hurmat va e’tibor topadi.

Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi 53-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi direktori, O‘zbekiston Qahramoni Kamoliddin G‘opirov haqida so‘z ketganda shuurimizga beixtiyor yuqoridagi fikrlar keladi. Yoshlarning jonkuyar ustozi, ularning kamoli uchun samarali mehnat qilib kelayotgan ustoz muallimning olib borayotgan ibratli faoliyati har qancha tahsinga munosibdir.

Kamoliddin G‘opirov pedagogik faoliyatini 1971 yilda Shahrixon tumanidagi 8-umumta’lim maktabida oddiy o‘qituvchilikdan boshlagan. O‘sha yillari shijoatli, yosh mutaxassis tajribali ustozlardan kasb sirlarini puxta o‘rganishga harakat qildi. O‘qidi, izlandi, o‘z bilim va tajribasini yillar davomida boyitib bordi.

Keyinchalik u Shahrixon shahridagi 2-litsey o‘qituvchisi, ilmiy bo‘lim mudiri, tumandagi 61-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi, direktori bo‘lib ishladi. 2002 yildan bugungi kunga qadar esa 53-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi direktori vazifasida samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Ayni kunda bir ming nafarga yaqin o‘quvchi tahsil olayotgan mazkur maktab 2004 yildan hozirga qadar har yili tumanda reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha birinchi o‘rinni egallab kelayotganligini alohida ta’kidlash joiz.

Ustoz qariyb 50 yildirki o‘quvchilarga kimyo fanidan saboq berib keladi. O‘tgan ana shu davr mobaynida minglab o‘quvchilarning puxta bilim olishi va kamol topishida uning xizmatlari nihoyatda katta.

2002 yilda Shahrixon Agrosanoat kollejining 420 o‘rinli yotoqxonasi o‘rnida 53-ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etildi. Kamoliddin G‘opirov ushbu maktabga direktor etib tayinlangandan so‘ng uning tashkilotchilik, rahbarlik salohiyati namoyon bo‘ldi. Uning tashabbusi va sa’y-harakatlari bilan bino qayta rekonstruksiya qilinib, ta’mirlandi. Ixtisoslashtirilgan maktabda o‘quv-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish maqsadida zamonaviy pedagogik texnologiyadan keng foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, o‘sha davr maktablari uchun yangilik bo‘lgan "Fan kafedralari", "O‘quvchilar ilmiy jamiyatlari" tashkil etildi.

Kamoliddin G‘opirov rahbarlik qilayotgan 53-ixtisoslashtirilgan maktab bir necha marta "Yil maktabi" ko‘rik-tanlovining viloyat, respublika bosqichlarida faxrli o‘rinlarni egalladi. Ana shu davr mobaynida mazkur maktabning yuzlab o‘quvchilari tuman, viloyat, respublika fan olimpiadalarida g‘oliblar qatoridan o‘rin oldi. Turli yillarda domlaning shogirdlaridan 24 nafari “Yosh kimyogarlar” respublika fan olimpiadasida ishtirok etib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritdi. 11-sinf o‘quvchisi Alimardon Mirzayev 2006 yilda Armaniston poytaxti Yerevan shahrida o‘tkazilgan xalqaro fan olimpiadasida ishtirok etib, 4-o‘ringa sazovor bo‘lgan.

[gallery-8950]

Maktabning 8 nafar o‘quvchisi turli yillarda D.I.Mendeleyev nomidagi Yosh kimyogarlar jahon olimpiadasida ishtirok etgan. 2013 yilda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan D.I.Mendeleyev nomidagi 47-xalqaro “Yosh kimyogarlar” olimpiadasida Biloliddin Sharofiddinov faxrli 1-o‘rinni egallab, oltin medal, ana shu yili Moskva shahrida o‘tkazilgan kimyo fanidan 45-Butunjahon fan olimpiadasida 3-o‘rinni egallab, bronza medal sohibiga aylangan. Erishgan yutuqlari uchun B.Sharofiddinov “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

Ustozning tashabbusi bilan maktabda ilmiy-ijodiy ishlarga alohida e’tibor qaratiladi. Maktabning iqtidorli o‘qituvchilari tomonidan K. G‘opirovning tahriri ostida 50 dan ortiq uslubiy qo‘llanmalar yaratildi va amaliyotga tatbiq etilib, ayni kunda tuman va viloyat maktablarida keng foydalanilmoqda.

Kamoliddin G‘opirov hammualliflikda 2002 yilda 9-sinf o‘quvchilari uchun “Kimyo” fani darsligi, o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanma chop etildi. Mazkur darslik 2006 va 2010 yillarda “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyotida qayta nashr qilindi.

Domla rahbarligida 2003 yilda 7-sinflar uchun "Kimyo 7", 2006, 2010 yillarda 8-sinflar uchun "Kimyo 8" darsliklari nashr etilgan. Umuman, shu kunga qadar K.G‘opirovning ilmiy-ijodiy ishlari mahsuli sifatida 25 nomdagi darslik va o‘quv qo‘llanmalari nashr etilib, hozirgi kunda respublikamiz o‘quvchi hamda o‘qituvchilar tomonidan foydalanilmoqda.

Domla hammuallifligida tayyorlangan 7- va 8-sinf kimyo darsliklari, kimyoni o‘qitish metodik qo‘llanmasi turli yillarda “Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi” Respublika tanlovida g‘olib bo‘lib, K. G‘opirov 1- va 3-darajali diplomlar bilan taqdirlangan.

Ustoz Kamoliddin G‘opirov nafaqat o‘z kasbining yetuk mutaxassisi, fidoyi va tajribali muallimi, balki kamtar, halol va mehnatsevar inson, shuningdek, jamoat ishlarida faolligi, tashabbuskor va tashkilotchiligi, ko‘plab xayrli ishlarga bosh-qosh bo‘lishi bilan ham keng jamoatchilik o‘rtasida katta hurmat-e’tibor qozongan. Masalan, u o‘zi istiqomat qiladigan Cho‘ja mahallasida “Bir ziyoli o‘n oilaga ma’naviy homiy” shiori ostida o‘ndan ortiq oilaga homiylik qilib keladi. Bundan tashqari, bir qator kam ta’minlangan, sharoiti og‘ir oilalarga moddiy va ma’naviy ko‘mak beradi.

Otalaridan chiroyli tarbiya olib ulg‘aygan domlaning farzandlari, nabiralari ham el-yurt ishiga kamarbasta insonlar bo‘lib kamol topgan. bugungi kunda ular jamiyatimizning turli jabhalarida samarali faoliyat yuritib, yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shmoqda.

Umuman, ustozning mehnat, ilmiy-ijodiy hamda yosh avlod tarbiyasi borasidagi faoliyati, olib borayotgan ibratli va xayrli ishlari haqida juda ko‘p gapirish mumkin. Domlaning ko‘p yillik samarali faoliyati mamlakatimiz hukumati tomonidan munosib baholangan. U viloyat hokimligi, xalq ta’limi vazirligi, Rossiya Fanlar Akademiyasi hamda boshqa ko‘plab boshqarma va vazirliklar, muassasa va tashkilotlarning faxriy yorliqlari, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi”, bir necha marta “Mustaqillik nishonlari”, 2007 yilda “El-yurt hurmati” ordeni, 2010 yilda esa “O‘zbekiston Qaxramoni” faxriy unvoni hamda “Oltin yulduz” nishoni bilan taqdirlangan.

Muxtasar aytganda, kamtar, fidoyi o‘qituvchi, bag‘rikeng ustoz Kamoliddin G‘opirovning hayot yo‘li yosh avlod uchun ibrat maktabidir.

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA