Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ustozni yod etib...
16:30 / 2021-06-04

Fidoyi insonlar umri davomida o‘z fazilatini namoyon etadi. Bunga javoban el-yurti, mahallasi, yaqinlari hurmatiga sazovor bo‘lishadi. Ularning qilgan ishlari yillar davomida tildan tushmaydi. Xotirasi abadiy qoladi.

Yurtimizning nurli manzillaridan biri – Buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlarining ziyoratgohi joylashgan tumanda juda ko‘p iste’dodli, komil insonlar yetishib chiqqan. Ularning izdoshlaridan bo‘lgan Asliddin Boliyevni tanigan-bilganlar nafaqat ziyoli,zukko, odil ijodkor, o‘tkir jurnalist, balki har sohada tashabbuskor va tashkilotchi, mehribon ustoz sifatida yaxshi eslashadi...

2000 yillar boshlari. Markaziy matbuotlarda uning ism-sharifiga bot-bot duch kelaverganimdan go‘yoki yaqin insonimdek tasavvur uyg‘otardi. Asliddin  Boliyev akani birinchi marta 2003 yilda «Istiqlol» saroyida «Navro‘z» radiosi tashkil topganining bir yillik tantanasini nishonlagan kunda ko‘rgandim.  

O‘shanda radioning ijodiy guruh rahbari Abror Imomxo‘jayev sahnada so‘z olib, kuchli hayajon bilan radioning tashkil topishi va shakllanishida muhim xizmat qilgan insonlar sifatida Asliddin Boliyevni tilga olgandi.

Biz Abror aka bilan «Navro‘z» radiosi qoshida «Futbol» gazetasini chop etardik. Oradan bir yil o‘tmay, Asliddin akaning «Sport» gazetasiga bosh muharrir bo‘ldi. Bir-ikki hafta o‘tib, Asliddin aka men va Olimjon Qo‘ziboyevni gazetaga taklif etdi.  

Taklifga o‘ylab o‘tirmay, rozi bo‘ldik. Sababi, aynan shu tahririyatda kamol topgan, ustozlar ko‘rgan, ozmi-ko‘pmi, mehnatimiz e’tirof etilgandi. Lekin ayrim sabablarga ko‘ra, o‘n yildan ziyod ishlagan joyimizdan ketgan, uch yil boshqa gazetalarda faoliyat yuritib yurgan edik.

Asliddin aka o‘zi rahbarlik qilayotgan, biroq adadi ancha pastlab ketgan «Sport», «O‘zbekiston futboli» va «Futbol Uzbekistana» gazetalarini qanday qilsa, yana oldingi shon-shuhratini tiklay olish mumkinligi bo‘yicha barcha takliflarimizni qo‘llab-quvvatladi.  

Natijada gazetalarning yuzi va qiyofasi, maqolalarning hajmi va saviyasi oshdi. Ustoz bor bilim va salohiyatini ayamadi. Biz shogirdlariga talabchan edi. Shogird emas, o‘z ukalaridek ko‘rardi. Maqolalarni qanday tayyorlash, ocherk yozish, intervyu olish, oddiy xabarlarni yoritishda nimalarga e’tibor berish kerakligi bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashardi.

Tashabbuskor va tashkilotchilikda undan o‘tadigani yo‘q edi. Nafaqat tahririyat, balki respublikadagi barcha sport jurnalistlarining boshini qovushtirishga urinardi va buning uddasidan chiqardi.  

Homiy insonlar va tashkilotlarni jalb etgan holda Respublika Ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘rtasida bir necha yil mini-futbol musobaqasini tashkil etib keldi. Tadbir yuqori saviyada o‘tkazilganidan jurnalistlar o‘sha sport tadbirlarini hanuzgacha tilga olishadi.

Ayniqsa, Matbuot kuni munosabati bilan turli sport federatsiyalar bilan kelishgan holda jurnalistlar o‘rtasida o‘q otish, tennis, badminton kabi turnirlarni o‘tkazishda bosh-qosh bo‘lardi.

Asliddin aka bilan salkam o‘n yil yelkama-yelka bo‘ldik. Shu bois bu insonning mehnat va hayot faoliyatidan boxabarman. Kezi kelganda u bosib o‘tgan yo‘lni bir-bir yodga olaman:

Asliddin Boliyev 1966 yil 15 yanvarda Samarqand viloyati Poyariq tumanining Jo‘raboy qishlog‘ida tug‘ilgan. Maktabni tamomlagach, tumandagi sobiq Karl Marks jamoa xo‘jaligida kolxozchi bo‘lib ishlagan.

1983-1986-yillarda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU), 1986-1989 yillarda esa Moskva Davlat Universitetining jurnalistika fakultetida o‘qigan.

1989 yili maxsus yo‘llanma bilan sobiq «Sovet O‘zbekistoni» (hozirgi «O‘zbekiston ovozi») gazetasiga ishga yuborilgan. Ushbu gazetada dastlab stajyor (ish o‘rganuvchi), keyin sanoat, qurilish va transport bo‘limi muxbiri, katta muxbir, 19931997 yillarda esa «O‘zbekiston ovozi» gazetasi mas’ul kotibi, bosh muharrir o‘rinbosari, bosh muharrirning birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishladi.

1997-1998-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni Axborot markazi tahlil guruhining yetakchi maslahatchisi bo‘ldi.

1998-1999-yillarda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori, 1999-2003 yillarda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi mas’ul kotibi – Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari,  2004-2012 yillar Madaniyat va sport vazirligi muassisligidagi «Sport» va «O‘zbekiston futboli» gazetalarining bosh muharriri, 2012 yildan «Turkiston Press» nodavlat axborot agentligi rahbari vazifalarida ishladi.

2000-2005-yillar Ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis deputati bo‘ldi.

O‘zbekiston Fidokorlar milliy demokratik partiyasi a’zosi. Oilali – ikki o‘g‘il va bir qizning otasi edi.

Katta hayotda iz qoldirish, yillar davomida turli kasb kishilari, mutaxassislaru arboblar bilan yelkama-yelka faoliyat olib borish aslida katta mas’uliyat.  

O‘z kasbiga muhabbat, tinimsiz mehnat tufayli va kasbini takomillashtirish – Asliddin aka shunday shunday fazilatlarning barchasini o‘zida mujassamlashtirgan. Uning jurnalistikadagi muvaffaqiyatlarining siri ham ana shunda bo‘lsa kerak. Oilaga, farzandlariga, aka-uka va yor-do‘stlariga bo‘lgan munosabati, muhabbatini ham namuna qilib ko‘rsatsa, arziydi.

Umrini boshqalar manfaati uchun bag‘ishlay olgan insonlarning boshlagan ishlari bardavomdir. U ulgurolmagan ishlarni davom ettirish farzandlari, shogirdlari uchun ham qarz, ham farz.

Afsus, Asliddin Boliyev endi oramizda yo‘q. O‘z davrining mohir jurnalisti, o‘zbek jurnalistikasining fidoyisi,ko‘plab yoshlarning sevimli ustozi, «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist» faxriy unvoni sohibi Asliddin Boliyevning xotirasi nafaqat oilasi, shogirdlarining, balki uni yaqindan bilgan insonlarning xotirasida abadiy saqlanib qoladi.

Oybek YUNUSOV, O‘zA