Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ustozni hurmat qilishning qoidalari bor
14:55 / 2022-09-28

Imom Buxoriy bir muddat Makkai Mukarramada dars berganlar. Bir ziyoratchi Imom hazratlariga Buxoroi sharifdagi ustozlaridan salom va maktub keltiradi. Shunda imom Buxoriy ziyoratchining ustozlari yurtidan kelganini bilib, uni quchoq ochib kutib olganlar va cheksiz ehtirom ko‘rsatib mehmon qilganlar. Undan salom xabarini eshitganlarida Buxoroi sharif tomonga yuzlanib, salomga alik olganlar va tabarrukona maktubni ikki qo‘llab olib, ehtirom bilan tanishib chiqqanlar.

Biz faqatgina ustozining qarshisida emas, uning nomini eshitganda ham hurmat bajo keltiradigan zotlarning avlodlarimiz.  Ajdodlarimiz ustozlarga hurmat ko‘rsatish borasida bizga g‘oyatda katta ibrat qoldirishgan. 

Ilm olishdan tashqari ilm berish mashaqqatini ham totgan qadrli ustozlarimizni ulug‘lashdan shodlanamiz. Ularning hurmatini joyiga qo‘yishga, xizmatlarini ado etishga burchlimiz. 

Yoshligimizda buvilarimiz ustozlardan oldinda yurib ketish, ularga orqa o‘girish, suhbatlashganda ovozni ko‘tarish mumkin emasligini ko‘p bora aytgan edilar. Darhaqiqat, ustozlarni hurmat qilishning ham o‘z qoida va qonunlari bo‘lib, ular bizga ota-bobolarimizdan meros bo‘lib kelmoqda. 

«Agar ishingda unum bo‘lmasa, bilki, ustozingni rozi qilmagansan», degan ibora bejiz aytilmagan. Ustoz duosi bilan boshlangan ishning ravnaqi boshqacha bo‘ladi Shuning uchun «Ustoz ko‘rmagan shogird har maqomga yo‘rg‘alar» degan xalq maqoli paydo bo‘lgan bo‘lsa kerak. 

Bitta harf o‘rgatgan odam ham ustoz hisoblanadi. Ular o‘zlari yurib o‘tgan yo‘lning qayerlari tekis, qayerlarida qoqilish mumkinligini bilishadi va shogirdlarini bu xavf-xatardan ogohlantirib borishadi. Ular tayyor tajriba maktabi. Ustozlar chin ma’noda hazina, haqiqiy ma’noda boylikdir. 

Deydilarki, ustozingni ismini aytib chaqirma, ustoz deginki, so‘zingda hurmating, mehring ufurib tursin. Ustozlar bilan muloqotda fikr bildirish uchun ruxsat so‘rashga odatlan. So‘zini bo‘lma. Ustoz o‘tirgan xonaga izn so‘ramay qadam bosma. Muloqotda boshqa masalalarga chalg‘ima, hushyorlik va ogohlik bilan yaxshi tinglovchiga aylan. 

Ustoz tufayli odamlar to‘g‘ri yo‘lni topadilar, ularning sharofati bilan muammolardan omon chiqadilar. Alloh muqaddas qilganlar orasida ustozlar ham borligini unutmasligimiz kerak. Alloh ilm qadrini qanchalar baland qilgan bo‘lsalar, ilm ato etadigan ustozlarni ham shu qadar yuksak qilib qo‘ydilar. Ota-bobolarimiz farzandlarini biror hunar o‘rganish uchun ustozlarga yetaklab olib borganida «Eti sizniki, suyagi bizniki», deb bejiz aytmaganlar. Ustozning shogirdi ustidan haqqi ko‘pdir. Mana shunday qadimiy ahamiyatga ega ibratli qadriyatlarimiz, o‘lmas an’analarimiz davomiy bo‘lsin. 

Mamlakatimizda 1 oktyabr Ustoz va murabbiylar kuni sifatida keng nishonlanishi ham ajdodlarimizdan qolgan qadriyatlarimizga hamohang bo‘ldi. Biz har yili shu kunda ustozlarimizni yo‘qlashni odat qildik. Hukumat vakillaridan tortib, maktab o‘quvchisigacha bu kunni ustozlarni yo‘qlash bilan o‘tkazadi. Ayrim hollarda ijtimoiy tarmoqlar orqali ustoziga qo‘l ko‘targan, kalaka qilgan o‘quvchilar haqida o‘qib qolamiz. Bunday xabarlar ko‘nglimizni xira qiladi. Ustozlarimizga hurmat ko‘rsatishni ajdodlarimizdan o‘rganaylik. Hayot deb atalmish sinovli dunyoda ustozlar qo‘lidan mahkam tutib, ilm-ma’rifat ila munosib yashab o‘tishga muvaffaq bo‘laylik. 
 

Zilola Toshtemirova, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Andijon viloyat bo‘limi rahbari