Prezidentimiz farmoni bilan "O‘qituvchi va murabbiylar kuni" oldidan ta’lim sohasini rivojlantirishda, yosh avlodni intellektual va ma’naviy jihatdan yetuk qilib tarbiyalashda o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelayotgan Jizzax viloyatining bir guruh o‘qituvchi va murabbiylari ham davlat mukofotlari bilan taqdirlanishgan edi. Viloyat hokimligining "Anjumanlar saroyi" da ana shu mukofotlar o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev nutq so‘zladi va barcha ustozlarni bayram bilan samimiy tabrikladi hamda ularning mehnatini yuksak baholab, jumladan shunday dedi:
— Prezidentimiz tomonidan taqdirlanganlar orasida eng faol yurtdoshlarimiz ham borligi bizni bag‘oyat xursand qildi. Siz aziz ustoz-muallimlarning fidokorona mehnatingiz – yurtimiz kelajagi uchun qo‘shilayotgan bebaho hissadir.
Mukofotlanganlar orasida “Shuhrat” medaliga sazovor bo‘lgan ikki nafar ustoz pedagoglarning quvonchlariga sherik bo‘lgan holda, ularning dil so‘zlarini tingladik:
— Bu yuksak e’tibor nafaqat menga, balki butun ustozlar jamoasiga berilgan yuksak bahodir, — deydi Jizzax shahridagi 22-umumiy o‘rta ta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Gulbahor Samadova. — Umrimni bolalar tarbiyasiga bag‘ishlaganimdan hech qachon afsuslanmaganman. Har bir o‘quvchimning yutug‘i — mening baxtim. Ushbu mukofot mas’uliyatimni yanada oshirdi. Endi bundan ham yuqori yuqori natijalarga erishishga harakat qilaman.
— Bolalar bilan har kuni sport maydonida bo‘lish, ularning har bir yutug‘ini o‘z yutug‘ingdek his etish, hayotga, to‘g‘ri yo‘lga yetaklash — katta mas’uliyat. Menga berilgan bu mukofot ortida esa shogirdlarimning tirishqoqligi, ota-onalarning ishonchi va maktab jamoasining doimiy qo‘llab-quvvatlashi turibdi, – deydi G‘allaorol tumanidagi 24-umumiy o‘rta ta’lim maktabining jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi Shuhrat O‘tanov.
Rasmiy qism tugagach, eng faol o‘qituvchi, murabbiylar viloyat hokimining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi. Shundan so‘ng, bayram tadbiri Jizzax shahrining “Yakkasaroy maskani”da davom etdi. To‘kin dasturxon atrofida bo‘lib o‘tgan samimiy suhbat, mehr va minnatdorlik so‘zlari davraga o‘zgacha kayfiyat va fayz bag‘ishladi.
[gallery-25324]
Poytaxtimizdan kelgan taniqli san’atkorlar hamda viloyatning iste’dodli yoshlari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiq, raqslar ham yig‘ilganlarga haqiqiy bayram kayfiyatini ulashdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA