Yurtimizda har yili 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni sifatida keng nishonlanadi. Ushbu sana munosabati bilan barcha hududda, tashkilot va muassasalar tomonidan bayram tadbirlari tashkil etilmoqda.
Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbir ham O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlandi. Adabiy-badiiy tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi hamda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashidagi partiya guruhi a’zolari hamda o‘qituvchi-pedagoglar ishtirok etdi.
Partiya Markaziy kengashi raisi, fraksiya rahbari Ulug‘bek Inoyatov sharafli kasb egalarini bayram bilan tabriklab, mamlakatimiz ta’lim tizimini tubdan isloh qilish borasidagi islohotlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda ta’lim-tarbiya sohasini zamon talablari darajasida rivojlantirish, soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash, ularni majburiy mehnatga jalb qilmaslik borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Yangilangan Konstitutsiyamizda pedagoglarning maqomini yuksaltirish, ularning kasbiy faoliyatiga aralashmaslik kabi normalar belgilangani fidoyi kasb egalarini qo‘llashga xizmat qiladi.
Tadbirda so‘z olganlar ustoz-murabbiylarning kelajagimiz egalarini bilimli, har tomonlama yetuk va barkamol qilib tarbiyalashdagi fidokorona mehnatini alohida e’tirof etdilar. Shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham yosh avlodga ta’lim berish masalalariga alohida e’tibor qaratilgani va bu borada aniq maqsad-vazifalar belgilab olingani alohida qayd etildi. Bu boradagi dasturilamal vazifalar ta’lim sohasi rivojiga, farzandlarimizning kamolotiga zamin bo‘lishi ta’kidlandi.
Bayram tadbirida bir guruh faol o‘qituvchi va pedagoglarga partiyaning tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi. Teatr ijodiy jamoasi repertuaridan “Yoshlik sog‘inchi” retro konsert dasturi namoyish etildi.
M.Komilova, O‘zA