Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ustozlarimdan minnatdorman
13:16 / 2025-10-01

Mening mehnat yo‘lim 1991 yili Toshkent davlat texnika universitetining geologiya-qidiruv fakultetini tamomlaganimdan so‘ng boshlangan.

Ilk qadamlarimni geologiya-qidiruv partiyasida burg‘ilash qurilmasi mashinisti yordamchisi sifatida tashladim. O‘tgan 34 yil davomida bu sohadan uzoqlashmadim. Har bir bosqichda ustozlarimning qo‘llab-quvvatlashi va ko‘rsatmalari menga qanot bag‘ishladi. Ayniqsa, Murodilla Ergashevdan olgan saboqlarim mehnatimda mustahkam poydevor bo‘ldi. Keyinchalik “Ketmonchi” konida mashinist, texnolog, usta, uchastka boshlig‘i kabi mas’uliyatli lavozimlarda faoliyat yuritar ekanman, Boris Chegrov, Anatoliy Lim va Bahodir Tursunov kabi ustozlarim doimo menga ishonch bildirib, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishdi.

Bugungi kunda “Sobirsoy” geotexnologik konida mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi bo‘yicha 2-toifali muhandis sifatida ishlab kelmoqdaman. Bu vazifa mendan doimiy mas’uliyat, diqqat va javobgarlik talab qiladi. Chunki ishchilarning sog‘lig‘i va xavfsizligi – barcha yutuq va muvaffaqiyatlarning asosidir.

Mening hayotiy tamoyilim shunday: “Ishga vijdon bilan yondashsang, ustozlardan olgan saboqlarni shogirdlarga o‘rgatsang va mehnatga sadoqat bilan xizmat qilsang hayotda kam bo‘lmaysan”.

Bugungi kunda farzandlarim ham kasbimni davom ettirmoqda. To‘rt farzandimdan uch nafari bugun men bilan birgalikda shu konda hamkasb sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda. Ulardan ikki nafari Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetini tamomlab, apparatchi va geotexnologik quduqlar operatori bo‘lib ishlayapti. Yana biri esa texnikumni bitirib, burg‘ilash qurilmalari uchun gil-loy qorishmasi tayyorlash uchastkasida mehnat qilmoqda. Bu ustozlik va mehnat merosining avloddan-avlodga o‘tib borishiga yorqin misoldir.

Shu bilan birga Hasan Bozorov, Nurillo Otayorov, Jo‘rabek Fayziyev, Farrux Boliyev kabi shogirdlarim bugun korxonamizda turli lavozimlarda ishlab, o‘z mehnatlari bilan obro‘ qozonmoqda. Ularning yuksalishi men uchun faxr va g‘ururdir.

Bugun yurtimizda jahon standartlariga mos zamonaviy burg‘ilash qurilmalari ishlab chiqarilayotgani, shuningdek, Xitoy va Turkiyada yig‘ilgan ilg‘or texnikalarning korxonalarimizga joriy etilayotgani – sohamizning yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolatdir.

Shu fursatdan foydalanib, barcha ustozlarimni, hamkasblarimni va mehnatdosh do‘stlarimni bayram bilan chin qalbimdan tabriklayman. Sog‘-salomat bo‘lib, Vatanimiz ravnaqi va korxonalarimiz taraqqiyoti uchun qutlug‘ mehnat qilishdan charchamasin.

Husnutdin Toshboyev,

“Sobirsoy” geotexnologik koni

Mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi bo‘yicha

2-toifali muhandisi.

O‘zA