Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ustozlar sharaflandi
21:46 / 2025-09-30

O‘qituvchi va murabbiylar kunini samarqandlik ustozlar ham munosib nishonlamoqda.

Viloyat pedagoglarining Samarqand shahrida o‘tkazilgan tantanali bayram tadbirida soha fidoyilari va faxriylar, yuqori ko‘rsatkichlarga erishayotgan ustozlar ishtirok etdi.

Samarqand viloyati hokimligi hamda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbarlari o‘qituvchi va murabbiylarni kasb bayrami bilan tabriklab, ularning zahmatli mehnatlarini e’tirof etdi.

Bugungi kunda viloyatda 1272 ta umumta’lim maktabi, 18 ta ixtisoslashtirilgan va bitta Prezident maktabi faoliyat yuritmoqda. Bu muassasalarda 62 ming 600 nafarga yaqin o‘qituvchi yosh avlodga ta’lim-tarbiya bermoqda. Ularning 6745 nafari oliy, 11570 nafari birinchi toifali o‘qituvchilar hisoblanadi.

Marosimda maktabgacha va maktab ta’limi vazirining buyrug‘iga ko‘ra mukofotlangan 18 nafar o‘qituvchiga “Xalq ta’limi fidoyisi”, 95 nafar o‘qituvchiga “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishonlari topshirildi. Shunindek, soha jonkuyarlaridan yana bir guruhiga viloyat hokimligi hamda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alari berildi.

[gallery-25566]

– Bu yil kasb bayramimiz har qachongidan ham keng ko‘lamda, yuqori saviyada nishonlanmoqda, – deydi Samarqand shahridagi 81-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi, “Xalq ta’limi fidoyisi” nishoni sohibasi Feruza Tog‘ayeva. – Avvalo, yangi o‘quv yilining boshida, 15 sentyabr kuni davlatimiz rahbari biz o‘qituvchi va murabbiylar, soha rahbarlari bilan muloqot qilib, yurtimizda ta’lim sifatini oshirish yuzasidan muhim masalalarni muhokama qildi. Ushbu tadbirda bir guruh hamkasblarimizga davlat mukofotlari topshirildi. Jumladan, samarqandlik 6 nafar pedagog shunday sharafga loyiq ko‘rildi. Bu barchamiz uchun faxr hisoblanadi. Bugun viloyat hokimligi tomonidan tashkil etilgan bayram tadbirida ham ko‘plab safdoshlarimiz qatorida mening ham ozgina mehnatlarim e’tirof etilib, “Xalq ta’limi fidoyisi” ko‘krak nishoni berilganidan boshim osmonga yetdi. Albatta, bu e’tibor va g‘amxo‘rlikka javoban yanada fidoyi bo‘lib mehnat qilamiz.

Bu kabi bayram tadbirlari viloyatning barcha tuman va shaharlarida o‘tkazilib, o‘qituvchi va murabbiylarga munosib hurmat, ehtirom ko‘rsatilmoqda.

 G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA