Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ustozlar olimpiadasi o‘tkazildi
10:53 / 2025-09-26

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi “Renessans” oromgohida biologiya, matematika, informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan o‘qituvchilar olimpiadasining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur olimpiada Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi, Fan olimpiadalari markazi  hamkorligida tashkil etildi.  

Ushbu olimpiadada hududiy bosqichda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘qituvchilar ishtirok etdi.  

Ishtirokchilar 1-turda fanlar kesimida quyidagi topshiriqlar bo‘yicha bellashdi.  Biologiya fanidan  laboratoriya ishi, matematika fanidan  yozma ish, informatika va axborot texnologiyalari fanidan  dasturlash topshiriqlarini bajardi.

Olimpiadaning 2-turida ustozlar biologiya fanidan yozma ish,matematika fanidan maxsus topshiriq, informatika va axborot texnologiyalari fanidan  dasturlash topshiriqlarini bajardi. Olimpiada davomida ishtirokchilar o‘z bilim va tajribalarini namoyon etib, ilmiy-ijodiy qobiliyatlarini sinovdan o‘tkazdi.  

G‘oliblarni taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova ushbu olimpiada o‘qituvchilarning nainki bilimlarini sinovdan o‘tkazish, balki ularning o‘zaro fikr va tajriba almashishi, muloqot qilishi, yangi o‘quv metodikalarni o‘rganishi  uchun muloqot maydoniga aylanganini ta’kidladi.  

–  Olimpiada  juda yaxshi tashkil etildi, – dedi Buxoro viloyati Jondor tuman ixtisoslashtirilgan ta’lim maktabining informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchisi Malika Ramazonova. – Pedagoglarning faqatgina bilimlarini tekshirib qolmasdan, balki mahorat darslari, ma’rifiy seminarlar o‘tildi. Murakkab mavzular, yechimi og‘ir masalalar atroflicha tahlil etildi.  

– Darhaqiqat, mazkur olimpiada bizlarga ko‘p yangi ma’lumotlarga ega bo‘lishimizda ko‘mak berdi, – dedi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir tuman ixtisoslashtirilgan maktab o‘qituvchisi Nuratdin Karimov. – Biz yutuqlarimiz bilan birga kamchiliklarimizni ham bilim oldik. Endilikda o‘z ustimizda yanada ko‘proq ishlaymiz.  

Olimpiada yakunida g‘olib pedagoglar taqdirlandi.  

Nazokat Usmonova,  

O‘zA muxbiri