San’at va madaniyat insonni ma’naviy-estetik jihatdan kamolga yetkazishga xizmat qiladi. Bu borada mamlakatimizda san’at va madaniyat sohasini va soha vakillarini qo‘llab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Yaqinda dramaturglar uchun Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi mukofot hamda yosh rejissyorlar uchun Bahodir Yo‘ldoshev nomidagi mukofot ta’sis etildi. Mukofot g‘oliblarini aniqlash uchun har 2 yilda 1 marotaba tanlov o‘tkaziladi. G‘oliblarga mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 50 barobari miqdorida bir martalik pul mukofoti hamda diplom va statuetkalar berilishi, shuningdek, mukofotlar 27 mart – Xalqaro teatr kuni arafasida tantanali tarzda topshirilishi belgilandi.
Ta’kidlash lozimki, mazkur mukofotlar rejissura va dramaturgiya sohalarida faol ijod qilayotgan rejissyor va dramaturglarga motivatsiya berish barobarida, teatrlar repertuarini dolzarb mavzudagi sahna asarlari bilan boyitishga yanada ilhom bag‘ishlaydi.
Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatrining bosh rejissyori Doston Haqberdiyev yosh rejissyorlar uchun Bahodir Yo‘ldoshev nomidagi mukofot ta’sis etilgani xususida O‘zA muxbiriga o‘z mulohazalarini bildirdi.
— Yurtimizda san’at va madaniyat sohasini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Buning yaqqol misollaridan biri sifatida 2024 yil 22 noyabrda qabul qilingan “Teatrlarning jamiyat madaniy hayotidagi ahamiyatini oshirish va ular faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorini aytish mumkin. Ushbu qaror teatr sohasida faoliyat yuritayotgan, ijod qilayotgan soha vakillarini juda quvontirdi.
Mazkur qarorda belgilanganidek, yaqinda dramaturglar uchun Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi mukofot, yosh rejissyorlar uchun O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti va san’at arbobi Bahodir Yo‘ldoshev nomidagi mukofot ta’sis etilgani yosh rejissyorlarni yanada to‘lqinlantirdi, quvontirdi, ularga yanada kuch berdi. Sababi, har bir yosh rejissyorning intilgan, havas qilgan rejissyori bo‘ladi. Bu borada shubhasizki, teatr san’atida o‘chmas iz qoldirgan, o‘lmas sahna asarlarini yaratgan, betakror ustoz Bahodir Yo‘ldoshev yosh rejissyorlar havas qilgan inson hisoblanadi. Ana shunday betakror rejissyor nomidagi mukofotni olish esa har bir yosh rejissyorning orzusidir.
Bahodir Yo‘ldoshev nomidagi mukofot ta’sis etilishining yana bir muhim jihati shundaki, tarixda birinchi bor bunday qaror qabul qilinib, davlat va Prezident darajasida e’tibor qaratilyapti. Bu esa har bir yosh rejissyor uchun katta sharaf va mas’uliyat hamdir.
Sohaga yosh ovozlar kirib kelishiga, yosh rejissyorlar, san’at va teatrga o‘zini baxshida etadigan iste’dodlar bo‘y ko‘rsatishiga zamin bo‘ladi. Badiiy jihatdan yetuk asarlar yaratilishiga, sohaga kirib kelgan yoshlarning o‘z ustida ishlashiga xizmat qiladi. Yoshlarni ushbu mukofotga loyiq bo‘lish uchun tinimsiz izlanishga undaydi. Rejissyorlarimiz millatimiz, xalqimizga yetuk asarlar taqdim etish, sahnalarimizni ma’naviy, badiiy yetuk asarlar bilan boyitishga yanada ko‘proq intiladilar.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur mukofotning ta’sis etilgani madaniy hayotimizda, teatr san’atida ulkan voqea bo‘ldi. Har bir yosh rejissyor bunday mukofotga va e’tirof qozonishga munosib bo‘lishga harakat qiladi. Sahna asarlarimiz bilan e’tibor qozonish, xalqimizni xushnud qilish, xalqaro festivallarda ham o‘zbek teatr san’atini yuksakka ko‘tarishga harakat qilamiz.
Muhtarama Komilova yozib oldi.
O‘zA