English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Ustozlar milliy forumi" — yangi o‘quv yiliga o‘zgacha ruh va yangi formatdagi tayyorgarlik
12:11 / 2022-08-10

Poytaxtimizda Xalq ta’limi vazirligi va YUNESKO xalqaro tashkiloti hamkorligida "Ustozlar milliy forumi” o‘qituvchilar uchun o‘quv-seminari tashkil etildi.

Mamlakatimiz ta’lim tarixida ilk marotaba o‘tkazilayotgan mazkur forum ta’limda yetakchi bo‘lgan xalqaro va milliy ekspertlar qamrovi, mavzularning xilma-xilligi, ishtirokchilarning tarkibi bilan an’anaviy tadbirlardan farq qiladi.

"Ustozlar milliy forumi"ning bosh ishtirokchisi sifatida hududlardan 300 nafarga yaqin fan metodistlari tanlab olindi. 2 kunlik 9 ta sho‘bada tashkil yetilgan tadbir mobaynida sohaning yetakchi vakillari yangi ta’lim mazmuni va metodikasi, maktab boshqaruvining zamonaviy usullari, ilg‘or ta’lim tizimlaridan Buyuk Britaniya, Singapur, AQSH kabi davlatlarning tajribalarini yaqindan o‘rganadilar.

“Ustozlar milliy forumi” 16-18-avgust kunlari viloyatlarda, 23-25-avgust kunlari shahar va tumanlarda, 27-29-avgust kunlari umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida pedagogik kengashlar tarzida o‘tkaziladi.

[gallery-8243]

Ta’lim sifatini oshirish uchun o‘quvchilarga nafaqat bugun, balki ertaga zarur bo‘ladigan bilim va ko‘nikmalarni berish talab etilmoqda. Shu nuqtai nazardan Xalq ta’limi tizimida bosqichma-bosqich tatbiq etilayotgan Milliy o‘quv dasturini joriy etish, shu asosida yangi zamon darsliklarini yaratish ustida 441 nafar mahalliy va 20 nafardan ortiq xalqaro fan ekspertlari, 200 nafarga yaqin muharrir, musahhih, rassom va dizaynerlar ish olib bordi.

Mualliflar jamoasining 60 foizga yaqini aynan amaliyotchi o‘qituvchilardir. Fanlar kesimida faoliyat olib borayotgan xalqaro ekspertlar soni 50 nafarga yetmoqda.

“Olim – o‘qituvchi – metodist – xalqaro ekspert” tamoyili asosida Xalq ta’limi tizimida darslik yaratishning milliy modeli yuzaga keldi.

Xalq ta’limi tizimida bosqichma-bosqich tatbiq etilayotgan Milliy o‘quv dasturiga 500 dan ziyod yangi mavzular kiritildi. “50 ga 50” tamoyili asosida amaliy mavzular ulushi 10 foizdan 50 foizga yetkazildi.

Milliy o‘quv dasturi asosida 296 nomdagi yangi avlod darsliklari, mashq daftarlari, o‘qituvchi metodika kitoblari yaratildi. Shu jumladan, 189 ta darslik, 50 ta mashq daftari, 57 ta metodik qo‘llanmalar va darsliklarning mobil ilovalari yaratildi.

21 asrda o‘quvchilarni ularning qiziqishlari asosida o‘qitish metodikasi ommalashayotganini hisobga olib, Xalq ta’limi tizimida variativ o‘quv rejalar asosida o‘qitish sinovdan o‘tkazilmoqda.

Forumda Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov bugungi kunda ta’limda olib borilayotgan islohotlarning maqsadi haqida to‘xtalar ekan, “YUNESKO tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, ta’limga sarflangan 1 dollar iqtisodiyotga 10 dan 15 dollargacha foyda keltiradi. Ya’ni bolaning bilimi va malakasini oshirishga tikilgan sarmoya, barqaror rivojlanishning eng ishonchli garovidir”, deb qayd etdi.

–  Ta’limni o‘zgartirish kompleks va tizimli yondashuvni talab qilib, o‘qituvchilar bu muhim jarayonda asosiy rol o‘ynaydi, – deb ta’kidladi YUNESKOning O‘qituvchilar malakasini oshirish bo‘limi boshlig‘i, bo‘yicha ekspert janob Karlos Vargas Tamez.

– Yangilanishlarning bosh g‘oyasi – o‘rganish natijalariga asoslangan, – dedi Respublika ta’lim markazi direktori Shuhrat Sattorov. – Shu bilan birga,  ijtimoiy-iqtisodiy o‘sish dinamikasiga bog‘langan, mehnat bozori ehtiyojlariga qurilgan, o‘qituvchilar akademik jihatdan mustaqil va o‘quvchi qiziqishlari asosida darsni tashkil etadigan ta’lim tizimini barpo qilish bugun g‘oyat muhimdir.

"Ustozlar milliy forumi"ning birinchi ish kunida qatnashchilar turli o‘quv predmetlari, maxsus ta’lim, direktorlar sho‘’basi asosida mavzuga oid ma’ruzalarni muhokama etdilar.


N.Usmonova, O‘zA