Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ustozlar doimo el ardogʻida
22:10 / 2019-09-30

Surxondaryo viloyatida Oʻqituvchi va murabbiylar kuni xalq sayli sifatida keng nishonlandi.


Surxondaryo viloyatida Oʻqituvchi va murabbiylar kuni xalq sayli sifatida keng nishonlandi.

Bugun erta tongdan Termiz shahrida boshlangan bayram tadbirlari ustozlar va aholi vakillari bilan gavjum boʻldi.

Keng, yam-yashil maydonda viloyatdagi taʼlim muassasalari tomonidan kasb va mutaxassisliklar koʻrgazmalari, oʻquvchilar tomonidan yaratilgan turli buyumlar namoyishi, musiqa va sanʼat, sport maktablari oʻquvchilarining madaniy va sport dasturlari barchaga oʻzgacha zavq bagʻishladi.

Termiz shahridagi Sanʼat saroyida Prezidentimizning joriy yil 27-sentyabrdagi “Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan taʼlim-tarbiya tizimida alohida oʻrnak koʻrsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida“gi farmoniga muvofiq taqdirlangan oʻqituvchi va murabbiylarga davlatimizning yuksak mukofotlari topshirildi.

Tantanali marosimda soʻnggi yillarda mamlakatimiz taʼlim tizimiga qaratilayotgan yuksak eʼtibor sohani yangi bosqichda rivojlantirib, taʼlim-tarbiya sifati va samaradorligini tubdan oshirishga xizmat qilayotgani alohida taʼkidlandi. Bu jarayonda tizimni yuksaltirishga kompleks yondashilayotgani nafaqat maktabgacha yoki umumtaʼlimni balki, oʻrta maxsus, kasb-hunar va oliy taʼlimni uzviy rivojlantirishga qulay muhit yaratgani qayd etildi. Jumladan, 2018-yil vohada 288 maktabgacha taʼlim muassasasi faoliyat yuritgan boʻlsa, joriy yilda davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalari soni 480 tadan oshdi. Yoki bundan uch yil avval viloyatda bitta universitetda malakali mutaxassislar tayyorlangan boʻlsa, endilikda yoshlar oltita oliy taʼlim muassasasida oʻzlari tanlagan mutaxassislik sirlarini oʻrganmoqda.

– Bu mukofotni bugun yosh avlodni milliy sanʼatimiz va azaliy qadriyatlarimizga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalayotgan oʻqituvchilar xizmatiga berilgan yuqori baho sifatida qabul qildim, – deydi Boysun tumanidagi 6-bolalar musiqa va sanʼat maktabining baxshichilik yoʻnalishi oʻqituvchisi, “Shuhrat“ medali sohibi Oʻral Rasulov. – Barcha zamonaviy qulayliklarga ega taʼlim muassasamizda oʻnga yaqin isteʼdodli bola ajdodlardan meros qolgan baxshichilik sirlarini qunt bilan oʻrganmoqda. Ularning chuqur bilim olishi uchun zarur sharoit mavjud. Bu ham Vatanimizda taʼlim sohasiga qaratilayotgan eʼtiborning yorqin namunasidir. Mamlakatimizda pedagoglarning jamiyatdagi obroʻyini oshirish boʻyicha koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrliklardan quvonchimiz cheksiz. Qarang, bu yil bayram tadbirlari ham shunchaki yigʻilish yoki tantanali marosim shaklida emas, joylarda keng xalq ommasi ishtirokidagi sayil tarzida nishonlanayotgani ham bunga yaqqol dalildir. Bularning barchasi oʻz kasbimizga sadoqat hissini yanada oshirib, hozirgi globallashuv davrida yosh avlod taʼlim-tarbiyasiga masʼuliyat tuygʻusini mustahkamlayotgani bilan ahamiyatli boʻlmoqda.

Tantanali tadbirda oʻquv-tarbiya jarayoniga salmoqli hissa qoʻshayotgan bir guruh oʻqituvchi va murabbiylar viloyat hokimligining faxriy yorliq hamda qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Tadbir Termiz shahridagi “Grant almaz“ tantanalar saroyida tashkil etilgan bayram dasturxoni atrofida davom etdi.

Viloyatda keng nishonlanayotgan Oʻqituvchi va murabbiylar kuni shodiyonalari kechki payt Amfiteatrda el suygan sanʼatkorlar ishtirokidagi qiziqarli konsert dasturi bilan yakunlanadi.

Termiz shahridagi Sanʼat saroyida tashkil etilgan tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolov soʻzga chiqdi.