Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ustozga havasdan boshlangan fidoyilik
09:53 / 2025-09-30

Ustozlik – bu shunchaki kasb emas, balki inson hayotiga mazmun baxsh etuvchi, doimiy fidoyilik va mashaqqatli mehnatni talab qiluvchi sharafli yo‘ldir.

Jizzax zaminida tug‘ilib, bugungi kunda Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanidagi1-umumta’lim maktabida rahbarlik qilib kelayotgan Nasiba Xolzakova ham butun umrini yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga bag‘ishlagan ana shunday fidoyilardan.

Opaning o‘qituvchilikka bo‘lgan mehri yettinchi sinfda o‘qiyotgan kezlari ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi bo‘lgan Zulfiya Qarshiyevaga havas bilan paydo bo‘lgan. Ustozning doston va badiiy asarlardan go‘zal tarzda parchalar o‘qib berishi barcha o‘quvchilar qatori uni ham maftun etgan. Aynan ushbu jarayon Nasiba Xolzakovaning kelajak hayot yo‘lini belgilab bergan.

Jizzax davlat pedagogika institutini tamomlagach, Nasiba Xolzakova mehnat faoliyatini o‘zi tahsil olgan maktabda ustozi singari ona tili va adabiyoti fanidan o‘quvchilarga saboq berish bilan boshladi. So‘ng o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritdi. Taqdir taqazosi bilan oilasi bilan Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumaniga ko‘chib keldi, ta’lim sohasida turli lavozimlarda samarali mehnat qildi. 2014 yildan buyon tuman markazidagi 1-umumta’lim maktabida rahbar sifatida faoliyat yuritadi.

– O‘qituvchilik – sharafli kasb, - deydi qahramonimiz.  – Shogirdingiz sizni har ko‘rganida salom berib o‘tishidan bir “o‘sasiz”, ulardan birortasi yutuqqa erishganda esa ikki bora “o‘sasiz”. Shuni o‘zi biz uchun yuksak unvon va sharafdir. 

Bugungi kunda u rahbarlik qilayotgan maktab viloyatdagi namunali ta’lim maskanlaridan. Bu yerda 1250 nafar o‘quvchi tahsil oladi. 2018 yilda maktab mukammal ta’mirlanib, zamonaviy qiyofaga keltirildi, 2023 yilda “Open byudjet” loyihasi mablag‘i hisobidan tashqi fasadi yangilandi hamda sport maydonlari jihozlandi. Hozirda maskan sun’iy futbol va voleybol maydonlariga ham ega. Ta’lim jarayoni rus va o‘zbek tillarida olib boriladi. Barcha fanlardan to‘garaklar tashkil etilgan. Shuningdek, kun uzaytirilgan guruhlar faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan. Yana muhimi, maktabda ming dollardan ortiq maosh olayotgan o‘qituvchilar juda ko‘p.

[gallery-25524]

Nasiba opaning turmush o‘rtog‘i ta’lim sohasi jonkuyarlaridan, ikki farzandi ham ular izidan borib, o‘qituvchilikni tanlagan. Yana ikkisi kelajakda elga nafi tegadigan yaxshi kasb egasi bo‘lish niyatida. 

– Kuchli pedagog bo‘lish uchun kasbni yoki bolalarni yaxshi ko‘rishning o‘zi yetarli emas, - deydi Nasiba Xolzakova. – Buning uchun albatta bilimli bo‘lish ham kerak. O‘zini ustida ishlamagan o‘qituvchi bu sohadan ketgani ma’qul. Boisi, bilimsiz o‘qituvchi nainki farzandlarimiz taqdiriga, balki kelajakka ham bolta urgan bo‘ladi. 

Ustozlik – inson umriga ma’no bag‘ishlaydigan, qalblarni yoritadigan va millatning kelajagini bunyod etadigan muqaddas yo‘ldir. Nasiba Xolzakovaning hayoti shu yo‘lning nechog‘li mas’uliyatli ekanini yaqqol namoyon etadi. U rahbarlik qilayotgan maktabdagi yutuqlar, o‘quvchilarning muvaffaqiyati bu fidoyilik mevasidir. Fidoyi ustozlar bor ekan, kelajak bunyodkorlari bo‘lgan farzandlarimizning yo‘li ravon, Vatanimizning ertasi ravshan bo‘ladi.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/alla6WvueXY" title="Ustozga havasdan boshlangan fidoyilik" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Kamola Yusupova,

Shahriyor Ortiqboyev (surat+video), O‘zA