Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ustoz va shogirdning quvonchi
12:09 / 2025-08-26

Davlat mukofoti sovrindorlari

Birovga qilgan yaxshiliging o‘zingga qaytadi, degan gap bor. Bunday holat har bir inson bilan bo‘lgan va bunga shubhangiz yo‘qdir. Samarqandlik olimlar, ustoz-shogird Nasriddin Xalilov va G‘ulom G‘aybullayev shu kecha-kunduzda buni yana bir bor his qildi, quvonch va shodliklari chek-chegarasiz bo‘ldi.  

23 avgust kuni kechga yaqin davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, adabiyot, madaniyat va san’at sohalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi.

Mukofotlanganlar qatorida Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti agrobiologiya fakulteti dekani, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor G‘ulom G‘aybullayevning ham nomi qayd etilgandi – u “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Yaqinlar, ustoz va shogirdlar olimga qo‘ng‘iroq qilib, tabriklashdi, ezgu niyatlarini bildirishdi. Yana ko‘pchilik uning ustozi Nasriddin Xalilov bilan bog‘lanib, shogirdi muvaffaqiyati bilan qutlashdi. Bu orada shogird ustoziga qo‘ng‘iroq qilib, minnatdorlik bildirdi. Ustoz esa o‘zi taqdirlangandek xursandligini bildirib, G‘ulom G‘aybullayevning ilmiy ishlariga muvaffaqiyat tiladi.

Oradan ikki kun o‘tib, aniqrog‘i, 25 avgust kuni Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risidagi Prezident farmoni e’lon qilindi va ushbu farmonning boshida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining o‘simlikshunoslik va yem-xashak yetishtirish kafedrasi mudiri, professor Nasriddin Xalilov nomi yozilgandi. Zahmatkash olimga “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi” faxriy unvoni berildi.

Ana endi sobiq Samarqand qishloq xo‘jalik institutida ishlagan va shu oliy dargoh negizida tashkil etilgan ikki oliy ta’lim muassasasi –Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti hamda Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida faoliyat ko‘rsatayotgan professor-o‘qituvchilarning quvonchini, faxru ixtixorini tasavvur qilib ko‘ravering. Ustoz va shogird mehnatlarining e’tirof etilishi, bir vaqtda davlat mukofotlari bilan taqdirlanishi ko‘pchilikka nasib etmaydigan, ammo chinakamiga havas qiladigan holat.

– Mukofotlanganimni eshitib, avvalo ustozimga qo‘ng‘iroq qildim va bu medalda u kishining hissasi juda katta ekanligini aytdim, xursand bo‘ldilar, – deydi Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti agrobiologiya fakulteti dekani, “Shuhrat” medali sohibi G‘ulom G‘aybullayev. – Chunki, 2002 yilda Samarqand qishloq xo‘jalik institutiga o‘qishga kirganimdanoq Nasriddin akaning etagidan mahkam tutib, u kishiga shogird tushganman. Ilm yo‘lidan ketishimga ham ustozim sababchi bo‘lib, to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ko‘rsatganlar, ilmiy izlanishlarga undaganlar. Keyin magistraturada o‘qishim, donli ekinlarning seleksiya va urug‘chiligi bilan shug‘ullanishimga ham Nasriddin Xalilov bosh bo‘ldilar, ilmiy rahbarlik qildilar. U kishi menga nafaqat ilmda, balki hayotda ham o‘z yo‘lim, o‘rnimni topishga juda katta yordam berdilar, bilim va tajribalarini o‘rgatdilar. Ustozning “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi” unvoni bilan taqdirlanishlari quvonchimni o‘n chandon oshirdi. Bu yilgi mustaqillik bayrami biz uchun ulkan shodiyonaga aylandi.  

G‘ulom G‘aybullayev 2004 yilda magistraturani bitirib, ustozi rahbarligida donli ekinlar urug‘chiligi, yangi navlar yaratish borasida ilmiy izlanishlar olib bordi. “Jasmina”, “Farboma”, “Amira” kabi sifatli va qimmatli bug‘doy navlarini yaratdi va ushbu navlarga uchta patent oldi. seleksiya va urug‘chilik hamda o‘simlikshunoslik ixtisosligi bo‘yicha 2017 yil qishloq xo‘jalik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), 2019 yilda qishloq xo‘jaligi fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega bo‘ldi.

Keyingi yillarda kuzgi yumshoq bug‘doyning “O‘zbekiston-30” va “Samarqand”, arpaning “Bek” navlarini yaratdi va bu navlar Respublika Davlat nav sinash markazida sinalmoqda.  

Bug‘doyning “Jasmina”, “Farboma” hamda arpaning “Bek” navlari respublikamiz bo‘yicha, jumladan, Samarqand viloyatda har yili 15-18 ming ming gektar maydonda keng ekib kelinmoqda.  

Yosh olim shu paytgacha 2 ta o‘quv uslubiy qo‘llanma, 2 ta o‘quv qo‘llanma, 1 ta darslik yaratdi, 3 ta uslubiy tavsiyanoma va amaliy tavsiyalar ishlab chiqdi. G‘allachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari, klasterlar bilan hamkorlik qilib, o‘z amaliy yordamlarini ko‘rsatib, bilim va amaliy malakasini oshirib kelmoqda.

Ustozlarini e’zozlab, ularga munosib shogrid bo‘lib kelayotgan G‘ulom G‘aybullayevning o‘zi ham bugun ustozlik maqomiga erishib, yoshlarga bilim va tajribalarini o‘rgatmoqda.

– Shu paytgacha bir nafar shogirdim qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), bir nafari fan doktori (DSc) bo‘ldi, – deydi G‘.G‘aybullayev. – Yana bir qancha yoshlar bilan birga ilmiy izlanishlarni davom ettiryapmiz. Shogirdlarim bilan birga ilmiy tadqiqotlar, izlanishlar olib borarkanman, ustozlik ulkan sharaf bo‘lish bilan birga, yuksak mas’uliyat, zahmat ekanligini his qilyapman va bizni shu darajaga yetkazgan ustozlarimga rahmat aytishdan, minnatdorlik bildirishdan charchamayman.

G‘olib HASANOV,  

O‘zA muxbiri