O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyida usta naqqosh Hikmatulla Fayzullayev va shogirdlarining “San’atga bag‘ishlangan umr” nomli ko‘rgazmasi ochildi.
Umrini naqsh san’atiga baxsh etgan usta-naqqosh, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, “Mehnat shuhrati” ordeni sovrindori Hikmatulla Fayzullayev 1957 yil Toshkentda tavallud topgan.
Taniqli usta-naqqosh Toyir To‘xtaxo‘jayevga taqlid qilib, naqsh elementlarini chizishni boshlagan farzandidagi naqqoshlik san’atiga ishtiyoqni va iste’dodni ko‘rgan Rashidullo ota Toyir To‘xtaxo‘jayevning maslahati bilan o‘g‘lini taniqli naqqosh-usta, O‘zbekiston xalq rassomi Jalil Hakimovga shogirdlikka beradi.
Hikmatulla Fayzullayev 1967 yil 10 yoshida oddiy maktabdan o‘sha kezlardagi Pioner va o‘quvchilar saroyiga o‘tib, naqqoshlik sir-asrorlarini o‘rganish bilan ta’limni davom ettirdi. 1972 yili Hikmatulla Fayzullayev Jalil Hakimov kabi usta naqqosh bo‘lishga qat’iy qaror qildi. Naqsh sirlarini chuqurroq o‘rganish uchun Toshkentdagi Pavel Benkov nomidagi rassomlik bilim yurtiga o‘qishga kirdi.
Hozirda usta-naqqosh Respublika ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatining rassomlik bo‘limida naqqoshlik hunarini o‘quvchilarga o‘rgatib kelmoqda.
Usta shogirdlari bilan ko‘plab davlat tasarrufidagi binolarning bezak ishlarini olib bordi. Jumladan, Samarqandagi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimov maqbarasi, Jizzax, Samarqand, Urganch shahridagi ob’ektlarning interer bezaklari, Jizzax viloyat musiqali drama teatri, Toshkent shahridagi To‘labek maqbarasi ichki qismi shift va devorlari bezagi, Navro‘z bog‘i va yana ko‘plab katta-katta ob’ektlarni birga ishlashgan.
Naqqoshlik san’ati uzoq mehnat va sabr talab etadi. Hozirgi kunda Hikmatulla Fayzullayev nafaqada bo‘lsada, shogirdlariga kasb sirlarini o‘rgatishda davom etmoqda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA