E’tirof
Prezidentimizning farmoniga muvofiq, olti nafar buxorolik ustoz va murabbiylar davlat mukofotlari – faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlandi. Buxoro viloyati hokimligida davlatimizning yuksak mukofotlarini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatdagi tashabbuskor va fidoyi, faol, ta’lim tizimi rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan soha xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Botir Zaripov so‘zga chiqib, mamlakatimizda ta’lim tizimida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, o‘qituvchi va murabbiylar mehnati e’tirof etilayotganligi va bir qator imkoniyatlar yaratib berilayotganligini alohida tilga oldi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi viloyatimizdagi ta’lim muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida ham keng ko‘lamdagi ishlar amalga oshirildi.
[gallery-25308]
Xususan, joriy yilning o‘zida viloyat maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi 271 ta ta’lim muassasalarida qurilish-ta’mirlash va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ishlari olib borilib, ushbu ishlar uchun jami 1 trillion 178 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida Yangi O‘zbekiston vakillari sifatida viloyatimizdagi ko‘pgina o‘quvchi-yoshlari xalqaro fan olimpiadalarida munosib ishtirok etib, medallarni qo‘lga kiritmoqda.
Tadbirda davlat mukofotlari o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi. Mukofotlanganlar nomidan so‘zga chiqqanlar e’tibor va rag‘bat uchun minnatdorlik bildirib, bunday e’tirof Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lidagi kelgusi faoliyatlarida muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.