Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ustoz, sizga mehrimiz bo‘lakcha...
16:50 / 2021-09-30

1 oktyabr– O‘qituvchi va murabbiylar kuni Haq yo‘lida kim sanga bir harf o‘qitmish ranj ila, Aylamak bo‘lmas oson onin haqin ming ganj ila.

Buyuk bobokalonimiz, hazrat Alisher Navoiy ushbu misralarida ustozlar mehnatining haqini dunyoning bor boylik va xazinasi bilan ham ado etib bo‘lmasligini ta’kidlab, haq gapni aytganlar. Darhaqiqat, inson hayotida, ma’naviy kamolotida ustoz–muallimning o‘rni, hissasi, mehnati beqiyos. 

O‘qituvchi-murabbiylarning ta’lim-tarbiyasi, mehr-e’tibori bilan murg‘ak qalblarda bilim bulog‘i otilib chiqadi, atrof-olamga, odamga, dunyoga nisbatan mehr uyg‘onadi, kamolotga yetkazadigan pillapoyalardan shaxdam odimlash ishtiyoqi paydo bo‘ladi. Shuning uchun ham ustozga mehr-muhabbatimiz bo‘lakcha, e’tiborimiz o‘zgacha. Ustoz otangdek ulug‘, degan hikmatning zamirida ham ularga bo‘lgan mehrimiz, ustozlarimizning hayotimizda yuksak o‘rin tutganligi ishorasi mujassam.

Yurtimizda bu ulug‘ zotlarni e’zozlash, qadrlash va ularga hurmat-e’tibor ko‘rsatish borasida qator sa’y-harakatlar amalga oshirib kelinadi. Prezident farmoni bilan 1997 yildan boshlab 1 oktyabrni O‘qituvchi va murabbiylar kuni sifatida keng nishonlash an’anasi yo‘lga qo‘yilgan. Shu munosabat bilan ayni kunlarda yurtimizning har bir go‘shasida ustoz-murabbiylar kuni katta tantana qilinmoqda.

Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi akademik litseyda ham ushbu sana munosabati bilan katta bayram tadbiri tashkil etildi. Unda ta’lim maskanining pedagoglari, ishchi-xodimlari hamda o‘quvchilari ishtirok etdi. Tadbirni akademik litseyning ijrochi direktori Oybek Saidumarov kirish so‘zi bilan ochib, barcha ustozlarni bayram bilan qutladi:

– Yurtimizda ta’lim-tarbiya tizimini rivojlantirish, farzandlarimizning jahon andozalariga mos sharoitlarda zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashi, ma’naviy va jismoniy jihatdan yetuk inson bo‘lib voyaga yetishi uchun barcha imkoniyat yaratilmoqda, – dedi ijrochi direktor. 

– Ta’lim-tarbiya sohasida ko‘zlangan maqsad va marralarga erishishda esa ustoz-murabbiylarning o‘rni, mehnati hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Xalqimizda “Sen odamlarga bir yil yaxshilik qilmoqchi bo‘lsang, bug‘doy ek, umr bo‘yi yaxshilik qilmoqchi bo‘lsang, ta’lim-tarbiya ber”, degan naql bor. 

Haqiqatan ham inson hayotida ta’lim-tarbiyaning, ustoz-murabbiylarning o‘rni beqiyos. Shu bois ham o‘qituvchilik azaldan e’tiborli, hurmatli kasb hisoblangan. Ustoz deganda, har bir inson qalbida chuqur hurmat-ehtirom, cheksiz minnatdorchilik tuyg‘ulari, shu bilan birga, hech qanday boylik bilan o‘lchab bo‘lmaydigan qarzdorlik hissi paydo bo‘ladi. Bugun mamlakatimizning har bir sohada erishayotgan samarali natijalari zamirida, albatta, ustozlarning bergan ta’lim-tarbiyasi, zaxmatli mehnatlari mujassam.

Shu o‘rinda qayd etish joizki, bugungi kunda Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi akademik litseyda o‘quvchilarga zamonaviy texnologiyalar asosida ta’lim-tarbiya berish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. 

Har bir o‘quv xonasida eng so‘nggi rusumdagi, xorij texnologiyalari bilan raqobatlasha oladigan elektron doskalar o‘rnatilgan. Unda barcha fan va mashg‘ulotlar bo‘yicha dasturlar joylashtirilgan. Qolaversa, ta’lim muassasasida o‘rnatilgan Wi-Fi internet tizimi dars mashg‘ulotlarida ushbu elektron doskalar orqali internetdan foydalanish imkonini beradi.

– Ayni paytda akademik litseyimizda 375 nafar o‘quvchi ta’lim oladi, – deydi ta’lim muassasining yoshlar yetakchisi To‘lqin Akbaraliyev. 

– O‘tgan 2020-2021-o‘quv yilini bitirgan 251 nafar o‘quvchimizning 220dan ortig‘i oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi. Shu jumladan, 19 nafar iqtidorli, faol o‘quvchimiz suhbat asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Toshkent davlat yuridik universitetiga imtihonsiz qabul qilindi. Albatta, ta’lim maskanimizning bu kabi yutuqlarida 36 nafar ustoz-murabbiyimizning mehnati, berayotgan bilimlari, tajribalari muhim o‘rin tutadi.

Akademik litseyda ma’naviy-tarbiyaviy ishlar, turli to‘garaklar faoliyati ham izchil yo‘lga qo‘yilgan.

– O‘quv muassasamizda o‘quvchilarni turli fan va kasb-hunar to‘garaklariga jalb qilish bo‘yicha muayyan ishlar olib borilmoqda, – deydi to‘garaklar bo‘yicha mas’ul Gulnora Ro‘zmatova. 

– Buning uchun zarur xonalar kerakli jihozlar bilan ta’minlangan. Masalan, musiqa xonasi, shaxmat-shashka, sport to‘garaklarini tashkil etish uchun maxsus xonalar mavjud. Bu imkoniyat va sharoitlar o‘quvchilarimizning fanlar bo‘yicha bilimlarini oshirish bilan birga, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, “Besh tashabbus” doirasida o‘zlarining iste’dodini yuzaga chiqarishiga zamin yaratadi.

Bayram tadbirida litsey o‘quvchilari ustozlarni kasb bayramlari bilan muborakbod etib, she’r, kuy-qo‘shiq va sahna ko‘rinishlarini namoyish qildi.

– Ustozlarimiz biz uchun ikkinchi ota-ona, ular bizni tarbiyalashmoqda, o‘zlaridagi bor bilimlarini ulashmoqda, – deydi akademik litseyning 2-bosqich o‘quvchisi Yoqubbek Umarov. 

– Har kuni ertalab ustozlarimiz bizni ota-onamizdek kutib olishadi. Ushbu litsey maktab ta’limidan keyin biz uchun katta yangilik va imkoniyat bo‘lmoqda. Bu yerda yangi ustozlar, yangi tengdoshlarimiz bilan yanada chuqur bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqimiz ortmoqda. 

Buning uchun ta’lim maskanimizda zamonaviy shart-sharoitlar yaratilgan. Barcha ustozlarimizni kasb bayramlari bilan muborakbod etamiz va ularning mehnatini yuzaga chiqarish uchun shijoat bilan harakat qilamiz.

Muhtarama Komilova, Yoqub Meliboyev, (surat), O‘zA