English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ustoz shoiraga ehtirom ko‘rsatildi
11:47 / 2024-10-10

Andijon ixtisoslashtirilgan san’at maktabida “Ko‘ngil shoirasi” deb nomlangan adabiy, ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi tashabbusi bilan O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Xalq maorifi a’lochisi”, faxriy muallima, shoira Munavvara Tillaboyeva tavalludining 80 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, shoir Minhojiddin Mirzo, adabiyotshunos olimlar, shoir va yozuvchilar, keng jamoatchilik vakillari, ijodkor yoshlar, shoiraning yaqinlari, shogirdlari ishtirok etdi.  

Mening o‘lkam chiroyini sahar chog‘i chamandan so‘r,  

Chamanlar lol qolar bo‘lsa, u qoshlari kamondan so‘r.  

***

Kishilar mehnati birla qadr topsa ajablanma,  

Bu rohat, bu halovatni aziz yurti omondan so‘r.  

 

Diyorim bag‘rida o‘smish necha turfa gulu rayhon,  

O‘zi rayhon, so‘zi xandon chiroyi bir jahondan so‘r.  

 

Kulgisi tongni uyg‘otgan dilrabolar yashar bunda,  

Ular maskan qilib ermish baxtiyor bu makondan so‘r.  

***

Qutlug‘ yoshini nishonlagan shoira Munavvara Tillaboyeva o‘z g‘azallarining birida yurt go‘zalligini, mehnatidan qadr topib rohat, farog‘atda yashayotgan yurtdoshlarimizni, tinchlik, baxtiyorlik makon bo‘lgan ona Vatanimizni ana shunday go‘zal misralarda tarannum etadi.  

Shoira Munavvara Tillaboyeva 1944 yili Andijon shahrida tavallud topgan. Shahardagi 32-o‘rta maktabni tamomlab, Andijon davlat pedagogika instituti – hozirgi Andijon davlat universitetining tarix-filologiya fakultetida tahsil olgan.  

[gallery-19675]

Institutni tamomlagandan buyon ustoz Andijon shahridagi 29-umumta’lim maktabida 40 yilga yaqin yosh avlodga ona tili va adabiyoti fanidan saboq berdi. Pedagog va ijodkor sifatidagi samarali faoliyati, mehnatsevar, kamtar va fidoyiligi, to‘g‘riso‘z va halolligi bilan Munavvara Tillaboyeva nafaqat hamkasblari, ijodkorlar, mahalladoshlari, balki keng jamoatchilik o‘rtasida katta hurmat-e’tibor topa oldi.  

Munavvara Tillaboyeva pedagogik faoliyat bilan birga, badiiy ijodni teng olib borgan ijodkor muallimadir. Ayniqsa, mustaqillik yillarida uning ijodi yuksaldi, qator she’riy kitoblari nashr etildi.    

Jumladan, turli yillarda shoiraning “Muhabbat tumori”, “Izlaganim sen”, “Allali tong”, “Zafarjonning qo‘shig‘i”, “Qalb nidolari”, “Ko‘ngil qatralari”, “Oy to‘lgan kechada”, “Oymomo”, “Olislardan taralar qo‘shiq”, “Bolam borki”, “Qorboboning sovg‘asi”, “Olmazor bog‘larda”, “Oppoq tonglar”, “Ishq vasfi” va olti jilddan iborat “Saylanma” kitoblari chop etilgan.  

Tadbirda Minhojiddin Mirzo Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayidning, Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyat bo‘limi rahbari, shoira Xurshida Vahobjon qizi Andijon viloyat hokimining tabriklarini o‘qib eshittirdi, esdalik sovg‘alarini topshirdi.    

Shundan so‘ng tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Kamchibek Kenja, Farid Usmon, O‘zbekiston Qahramoni Shukurjon Mamatqulov shoiraning ijodiy va pedagogik faoliyati, insoniy fazilatlari, ijodining o‘ziga xos jihatlari, tarbiyaviy ahamiyati haqida gapirdi. Munavvara Tillaboyevaning hayot yo‘li yosh avlod, yurtdoshlarimiz uchun ibrat maktabi ekanligi ta’kidlandi.  

Yubiley tadbirida Andijon ixtisoslashtirilgan san’at maktabi o‘quvchilari, ijodkor yoshlar tomonidan shoiraning she’rlaridan namunalar o‘qildi, shoira she’rlari bilan ijro etilgan qo‘shiqlar kuylandi.  

Tadbir so‘nggida ustoz shoira Munavvara Tillaboyeva so‘z olib, ko‘rsatilgan e’tibor uchun minnatdorchilik bildirdi, yangi she’rlaridan o‘qib berdi.  

F.  Ubaydullayev,  

Z. Umrzoqov (foto),  

O‘zA muxbirlari