Toshkent Fotosuratlar uyida Dilbek To‘xtaqulov va yosh grafikachi rassomlarning “Grafika san’ati” guruhiy ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazmada bir necha yillar davomida K.Behzod nomidagi MRDIning “Kitob grafikasi” kafedrasida talabalarga saboq berib kelayotgan yosh, iste’dodli rassom Dilbek To‘xtaqulov va uning 16 nafar iqtidorli shogirdarining 60 dan ortiq grafika asarlari hamda Guljahon Mustafoyevaning “O‘zga olam” nomli installyatsiyasi namoyish etildi.
Ko‘rgazmada ishtirok etayotgan ustoz va shogirdlar o‘z ishlarida grafika san’atining turli texnikalarida, qog‘oz, qalam, tush, pero, marker, linolium, guash, akvarel singari texnik vositalar yordamida rang-barang mavzularni yoritishgan.
Ijodkorlar mavzu syujetini sharhlashda kompozitsiya va ranglar yechimi, nur va soya o‘yinlaridan unumli foydalanib, kompozitsiyani oqilona shakllantirishgan.
[gallery-8885]
Qayd etilishicha, ko‘rgazmani bunday yuksak saviyada tashkillashtirishda uning badiiy va ijodiy rahbari Dilbek To‘xtaqulovning xizmati katta.
– Mazkur ko‘rgazmani o‘tkazishdan maqsad yosh grafiklarning iqtidori va ijodiy faoliyatini kashf etish va ijodga yo‘naltirish, – dedi D.To‘xtaqulov. – Ularni turli badiiy va falsafiy mavzular ustida uzluksiz va samarali ijod qilish ishtiyoqini yanada oshiradi.
Ko‘rgazma ekspozitsiyasida Dilbek To‘xtaqulovning “Insoniyat farzandi”, “Allegoriya” (triptix), “Bobur”, “Alisher Navoiy”, “Sab’ai sayyor” (triptix) singari grafik asarlari hamda shogirdlarining ishlari taqdim etilgan.
Gulnoza BOBOEVA,
Oybek PARDAEV (surat)
O‘zA