Qarshi shahrida O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq qo‘mitasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligiga bag‘ishlangan “30 yil 30 yosh uchrashuvi” loyihasining Qashqadaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlash lozimki, ustoz-shogird tizimini milliy an’analarini qo‘llagan holda davlat soliq xizmati organlariga ishga qabul qilinganiga hali ko‘p bo‘lmagan xodimlarning kasbiy mahoratini oshirib borish, ular orasidan zamonaviy fikrlovchi, bugungi kun talablariga javob beradigan mutaxassislarni tarbiyalash doimiy e’tibordagi masalalardan biridir.
“30 yil 30 yosh uchrashuvi” loyihasini tashkil etilishi ham ana shu maqsadlarga xizmat qiladi. Loyihaning viloyat bosqichiga bag‘ishlangan tadbirni Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i, viloyat 4-sektor rahbari Shukurulloxon Nisbatxonov kirish so‘zi bilan ochdi. Bellashuvda Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi, shahar va tuman davlat soliq inspeksiyalaridan jamoalar ishtirok etdi. Ular mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar mohiyati, soliqqa tortish va soliq savodxonligi sohasidagi dolzarb muammolarning noan’anaviy tahlili, amaliyotda yuzaga kelayotgan u yoki bu o‘tkir muammoning aniq yechimi yuzasidan kutilmagan taklif mavzularni o‘z ichiga olgan taqdimotlarni namoyish qilishdi.
Murosasiz bellashuv yakunida Qarshi shahar davlat soliq inspeksiyasi guruhi birinchi o‘rinni egallab, respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni Kitob tumani davlat soliq inspeksiyasi, uchinchi o‘rinni Shahrisabz shahar davlat soliq inspeksiyasi guruhlari egalladi.
– Soliq tizimiga ishga kirganimga 30 yildan oshdi. O‘tgan davr mobaynida sohada qator islohotlar amalga oshirildi, – deydi tanlov g‘olibi Qarshi shahar davlat soliq inspeksiyasi xodimi Ilhom Davronov. – Bugun bizga yaratilgan sharoit, xodimlarga e’tibor bizni ishga bo‘lgan mas’uliyatimizni yanada oshiradi. Bu esa nafaqat o‘z ustimizda ishlash, balki bilganlarimizni yoshlarga o‘rgatish uchun ham dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu loyihada ishtirok etganimiz va g‘olib bo‘lganimizdan juda xursandmiz.
G‘oliblarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA.