Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ustoz shifokorlar sharaflandi
12:42 / 2025-10-01

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filialida 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Abdulhodi Iminov, xalq deputatlari viloyat Kengashi raisi, tibbiyot fanlari nomzodi Solijon Mo‘minov davolash-profilaktika muassasalarida umr bo‘yi sidqidil xizmat qilib, bugungi kunda ham yosh kasbdoshlarini qo‘llab-quvvatlab kelayotgan ustoz shifokor faxriylarni bayram bilan tabriklab, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alarini taqdim qildi.

Tibbiyot fanlari nomzodi, filialning yuqori texnologik shoshilinch xirurgiya ilmiy laboratoriyasi rahbari Barkamol Ishoqovning  “Namangan xirurgiyasi tarixi” kitobi shonli sana oldidan munosib tuhfa bo‘ldi. Mazkur kitobda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan shifokor Grigoriy Grigoryans va u tashkil etgan Namangan xirurgiyasi maktabi faollari to‘g‘risida qiziqarli, ibratga loyiq lavhalar o‘rin olgan. 

Tibbiyot fanlari doktorlari, viloyat sog‘liqni saqlash rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan Muhammadjon Vaqqosov, Mirmahmud Mirsaydullayev, filial direktori Umidjon Muhiddinov ta’kidlab o‘tganidek, muallif Barkamol Ishoqovning ko‘p yillik ilmiy-ijodiy izlanishlari samarasi bo‘lgan yangi kitob bayram arafasida taqdim etilgani alohida e’tiborga molik. 

– Biz keksa shifokorlarni eslab, ehtirom ko‘rsatishganidan behad xursandmiz. Viloyatimiz tibbiyoti o‘zining shonli an’analariga ega. Ayniqsa, urush yillarida janggohlarda jarohat olgan askarlarni qisqa muddatlarda sog‘aytirib, yana Vatan mudofaasi uchun kurashga qaytarilgan. “Go‘zal shifoxona” nomi bilan mashhur bo‘lgan muassasa 1979 yilda ochilgan, – deydi 82 yoshli keksa xirurg-shifokor Abdullo Qozoqov. – O‘ziga xos “Ustoz-shogird” an’analari shakllangan. Hozirda, Barkamol Ishoqov, Adhamjon Ro‘zimatov, Abror Alijonov, Umidjon Muhiddinov kabi mohir shifokorlar ishimizni sharaf bilan davom ettirmoqda. Aytish kerakki, hozirgi tibbiyot bilan biz ishlagan davrni aslo solishtirib bo‘lmaydi. Ko‘rkam va shinam, barcha talablarga javob beruvchi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filiali binosini ko‘rib, ko‘zing quvnaydi. Bemorlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar yuqori darajada.     

Viloyatning shahar va tumanlaridagi tibbiyot muassasalarida ham qutlug‘ sana munosabati bilan bayram tadbirlari uyushtirilib, umrini xalqimiz salomatligini saqlashga bag‘ishlagan faxriylarga ehtirom ko‘rsatilmoqda.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.