Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ustoz san’atkor tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan ijodiy kecha bo‘lib o‘tdi
11:37 / 2025-11-21

«Turkiston» san’at saroyida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori Xayrulla Lutfullayevning 80 yilligiga bag‘ishlangan ijodiy kecha bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tantanali tadbirda keng jamoatchilik, san’at va madaniyat sohasi vakillari ishtirok etdi.

Dastlab  O‘zbekiston davlat san’at  va madaniyat instituti tomonidan tayyorlangan Xayrulla Lutfullayevning hayoti va ijodiy faoliyati haqida hikoya qiluvchi hujjatli film namoyish etildi.

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ustozni qutlug‘ 80 yosh bilan tabriklab, yurtimiz san’ati va madaniyati rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashdagi fidokorona mehnati, o‘ziga xos ijro maktabi va pedagogik faoliyatini alohida e’tirof etdi.  Shundan so‘ng vazir Xayrulla Lutfullayevga “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishonini tantanali ravishda topshirdi.

Shuningdek, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov so‘zga chiqib, ustoz san’atkor haqida iliq fikrlar bildirdi hamda “Ma’naviyat fidoiysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirladi.

Respublika “Nuroniy” jamg‘armasining Toshkent shahar kengashi raisi Rustam Kalonov Xayrulla Lutfullayev yurtimizning ibratli nuroniylaridan biri sifatida o‘rnak ko‘rsatayotganini e’tirof etib, esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Kecha davomida ustoz yaratgan ijodiy meros nafaqat  milliy qo‘shiqchiligimiz  uchun bebaho boylik ekani ta’kidlandi. Uning milliy an’analarimizni asrab-avaylash va yosh avlod qalbida san’atga mehr uyg‘otish borasidagi xizmatlari alohida e’tirofga sazovor ekani qayd etildi.

Xayrulla Lutfullayev 1945 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. U xonanda va qashqar rubobi sozandasi sifatida xalqimizga keng tanilgan.  1974 yilda Toshkent konservatoriyasi – (hozirgi O‘zbekiston davlat konservatoriyasi)ni tamomlab, 1974-2003 yillarda "Bahor" ansambli solisti sifatida faoliyat yuritgan. 1987 yilda “O‘zbekiston xalq artisti”, 1993  yilda “Qoraqalpog‘iston xalq artisti” unvonlari bilan taqdirlangan. Uning qo‘shiqlari  xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan.

Aytish  kerakki, mazkur tadbir san’at ahli, talabalar hamda ustozning muxlislari uchun katta madaniy voqea bo‘ldi.

Musiqiy kechada kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.

N.Usmonova, O‘zA