-
San’at tarixida ayrim nomlar bor — ular faqat bir davrni emas, balki butun sahnaning ruhini, milliy madaniyatning qalb zarbasini ifodalaydi. Shunday siymolardan biri — O‘zbekiston xalq artisti, aktyor, rejissyor, dublyaj ustasi, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Hamza Umarovdir. Uning sahnadagi ovozi, nigohi, obrazga kirishdagi yondashuvi o‘z davrining san’at maktabini yaratgan, bugungi avlod uchun esa o‘chmas ilhom manbaiga aylangan.
Kecha M. Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatrida san’at fidoyisining 100 yillik yubileyi munosabati bilan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirga mashhur teatr va kino ijodkorlari, so‘z ustalari, OAV vakillari, san’atshunoslar, blogerlar hamda Hamza Umarov san’atini qalban his etadigan yuzlab muxlislar tashrif buyurdilar.
Sahna pardasi ochilishi bilan yosh ijodkorlarning sahnaga, san’atga bo‘lgan ehtiromi aks etgan xor ijrosi jarang sochdi. Bu musiqiy ohang kechaga o‘ziga xos ruh bag‘ishlab, ustozning san’atdagi izini davom ettirayotgan avlodni ramziy tarzda ifodaladi.
Shundan so‘ng sahnada so‘z olgan san’atkorlar — Hamza Umarov bilan birgalikda ijod qilgan o‘rtoqlari va shogirdlari o‘z xotiralarini samimiyat bilan so‘zlab berdilar. Ularning hikoyalari orqali aktyorning siymosi nafaqat sahnada, balki hayotdagi qat’iyat, intizom va insoniylik timsoli sifatida ham qayta jonlandi.
Shogirdlar ustozlaridan olgan saboqlarni eslar ekan, ularning har birida “Umarov maktabi”ning izlari seziladi. Taassurotlarimizga ko‘ra, ustoz sahnada nafaqat rolni, balki hayot haqiqatini ifoda etishni o‘rgatgan.
Misol uchun, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist — Aleksandr Bekjonov o‘z xotiralari bilan bo‘lishib, shunday deydi:
“Men yoshligimda Hamza Umarovdan qanday ilhom olganman, deyishga ham jur’atim yetmaydi. Chunki u paytlarda san’atdagi yo‘limni endi topayotgan edim. Ammo ustozning chiqishlarini ko‘rib, bir narsani anglaganman — u boshqalar takrorlay olmaydigan ovoz va ifoda egasi edi. Har bir so‘zni yurakdan aytar, uni tomoshabinning qalbiga singdirardi. Shuning uchun ham yoshligimdan “mana shunday san’atkor bo‘lish kerak” degan orzu yuragimda uyg‘ongan”.
Shuningdek, “Mehnat shuhrati” va “Do‘stlik” ordenlari sohibi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist — Turg‘un Beknazarov ham ustoz haqidagi xotiralarini ko‘zida yosh, yuragida ehtirom bilan esladi:
“Bir kuni sahnaga ozgina kech chiqdim. Ustoz qahr bilan qaradi. Qoshlari mana shundoq ko‘tarilgan. Sahnada bir daqiqa — umrga teng ekanini o‘shanda his qildim. U kishi menga “san’atni hurmat qilmagan odamni sahna kechirmaydi” degan. Oradan yigirma kun o‘tib, u kishi hammani ichida “Men bir bolani xafa qilgan edim”, deb mendan uzr so‘radilar. Oyoqlariga yiqilib, kechirim so‘raganman. Ustozning shogirdidan uzr so‘rashi — bu buyuklikning, haqiqiy san’at odobining timsoli desammikan, yuragim to‘lib ketgan. Hech qachon bunday xatoni qayta qilma, san’atni xor qilsang, san’at seni shunday qaytib uradiki, qaytib o‘nglanmaysan, degan”.
Ushbu so‘zlardan esa Umarovning hayotdagi va sahnadagi qat’iy tartibi, intizomi, fidoyiligi uning shogirdlariga eng katta saboq bo‘lganini his qilish mumkin.
Xotira kechasi davomida mahoratli san’atkorlar tomonidan ijro etilgan mumtoz kuylar, ariyalar va duetlar tomoshabinlar qalbini larzaga soldi.
Teatr sahnasidagi katta ekranda esa aktyorning kino, teatr va dublyaj san’atidagi o‘chmas izlarini ko‘rsatgan lavhalar namoyish etildi.
Umarovning “Xonuma xonim” spektaklidagi mashhur roli esa bugungi yosh aktyorlar ijrosida qayta jonlantirildi va muxlislarning qarsaklariga sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, dublyaj san’atining davomchisi — Nurbek Mamatov ustozning ovoz ohangini, ruhini, dramatik ifodasini taqlid san’ati orqali qayta jonlantirib, tomoshabinlarga unutilmas lahzalarni tuhfa etdi.
Bir so‘z bilan aytganda, Hamza Umarovning har bir obrazi — bu faqat aktyorlik, balki inson qalbining teatr sahnasidagi tahlilidir. U o‘z davrida “Umarov ifodasi” degan tushunchani yaratishga muvaffaq bo‘lgan: aniqrog‘i, har bir so‘zni his bilan talaffuz qilish, obrazni yurak orqali o‘tkazish, sahna bilan nafas olish, sahnada o‘ynash emas, yashash va h.k. kabi texnikalarga ega bo‘lgan.
Umarov “Armug‘on” spektaklidagi Ja’far, “Nurxon”dagi Huzurxo‘ja, “Farhod va Shirin”dagi Shopur, “Mavlono Muqimiy”dagi Asqarali, “Xonuma xonim” dagi Pantashvili obrazlari orqali o‘zbek teatrining oltin sahifalariga o‘z nomini yozdirgan.
Kino san’atida esa u “Favqulodda komissar”, “O‘tgan kunlar”, “Shijoat”, “Yoz yomg‘iri” kabi o‘nlab filmlarda o‘z obrazlarini mahorat bilan yaratgan. U 1000 dan ortiq filmga ovoz bergan dublyaj ustasi sifatida ham tanilgan.
Umarov sahnada nafaqat aktyor, balki dramaturg sifatida ham ijod qilgan — “Bag‘ri tosh”, “Hayot yo‘li”, “Yor yurgan ko‘chalar” singari asarlar uning badiiy dunyoqarashining yorqin namunasi hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, Hamza Umarovning hayoti va ijodi o‘zbek teatr san’atining eng yorqin davrini ifodalaydi. U sahnani, san’atni, inson qalbini hurmat qilishni o‘rgatgan ustoz bo‘lgan. Bugun uning ovozi, nigohi, intizomi — shogirdlarida, teatrning devorlaridagi esdalik suratlarida, har bir jonli so‘zda yashab turibdi.
San’at esa o‘zi aslida abadiydir. Chunki u inson ruhidan yaraladi.
Hamza Umarovga kelsak, o‘sha ruhning timsoli bo‘lib, o‘zbek madaniy merosining oltin sahifalarida abadiy muhrlanib qoldi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/j0W90OdKr9I" title="Ustoz ruhi bilan yoritilgan sahna: Hamza Umarov tavalludining 100 yilligi nishonlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Eshmirzayeva, D.Yakubov (video), O‘zA