Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ustoz rassomlar ko‘rgazmasi
16:45 / 2025-09-19

Pavel Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabida “Akvarelda ranglar jilosi” nomli yangi o‘quv yilining ilk ko‘rgazmasi ochildi.

Unda maktabda murabbiylik qilayotgan ikki nafar grafik rassom Odiljon Umrzoqov va Kamila Galitskayaning samarali ijod mahsullari hamda akvarelda ishlash san’ati namoyish etildi.

Ushbu ijodkorlarning asarlari orasida manzara, portret, natyurmortlar o‘z o‘rniga ega bo‘lib, ularda nafaqat ranglar uyg‘unligi, balki ruhiyat va tabiatning jilosi ham ko‘zga tashlanishi bilan alohida e’tirofga loyiq.

Xususan, peyzaj asarlarida tabiatning go‘zalligi, inson va muhit uyg‘unligi mualliflar tomonidan yuksak mahorat bilan ifoda etilgan.

Odiljon Umrzoqov 2018 yildan ushbu ta’lim muassasasida yoshlarga dars berish barobarida, akvarel san’atida muvaffaqiyatli ijod qiladi. Uning mo‘yqalamida ayniqsa manzara va arxitektura uyg‘unligi katta ahamiyatga ega. Ustoz asarlarida mahalla ko‘chalari, qadimiy uylar, tabiat manzaralari va inson ruhiyati o‘ziga xos ranglar uyg‘unligida aks etadi.  

Kamila Galitskaya respublika ko‘rgazmalari ishtirokchisi. 2010 yilda Slovakiyaning Bratislava shahrida o‘tkazilgan xalqaro plakatlar tanlovining mutlaq g‘olibi.

Kamila Galitskaya akvarel san’atining zamonaviy vakili. Uning asarlarida ranglar jilosi, muloyimlik va obrazlar uyg‘unligi, tabiat, hayotning xotirjam lahzalari, inson ruhiy olamining yuksak ifodasini ko‘rish mumkin.  

Tadbirda so‘zga chiqqanlar ko‘rgazma mualliflari ijodi haqida o‘z iliq fikr-mulohazalarini bildirishdi, bu kabi ko‘rgazmalar orqali  maktabda ustoz-shogird an’anasi yanada boyib, yangi ilhom va ijodiy ruhga turtki bo‘lishini ta’kidlashdi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA