Rassomning asarlari uning odamlarga yuborgan o‘ziga xos nomasi, muxlislarga aytar gaplari, deyish mumkin. Nainki mamlakatimiz, balki xalqaro miqyosda ham taniqli rassom Akmal Nur asarlari yonidan shunchaki bir ko‘z tashlab o‘tib bo‘lmaydi.
Bu asarlar odamlarni mudom fikrlashga, hayot haqiqati, borliq, umr mazmuni va uning falsafasi haqida atroflicha fikr yuritmoqqa chorlaydi. Rassom ijodida mehr-muhabbat, umrning o‘tkinchiligi, bunda inson faqat yaxshi amallar qilib qolishiga ulgurmog‘i, oila, Vatan, ona-tuproqning muqaddasligi ustuvor o‘rin egallaydi.

Poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi “Akmal Nur Gallery” galereyasi yana bir bor san’at ixlosmandlarini o‘ziga jalb etdi.
Mazkur maskanda Nur Art School maktabi hamda O‘zbekiston xalq rassomi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, professor, rangtasvir ustasi Akmal Nurning “Mening uyim — mening Ka’bam” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi.
Ta’kidlash kerakki, keyingi yillarda mamlakatimizda san’at darg‘alarining ilmiy-ijodiy laboratoriyalarini tashkil etish, ustoz ijodkorlar salohiyatidan yosh avlod tarbiyasida keng foydalanish masalasiga ustuvor e’tibor qaratilmoqda.

Nur Art School maktabi yosh avlod badiiy tafakkurini yuksaltiruvchi maskan sifatida muhim ahamiyatga ega.
Ushbu maktabning tashkil etilishidan ko‘zlangan maqsad yoshlarda tasviriy san’atga qiziqish uyg‘otish, ularning iste’dodini tarbiyalash, milliy tasviriy san’atimiz maktabi an’analarini o‘rgatishdan iborat.
Maktabda yosh musavvirlar uchun mahorat darslari, amaliy rangtasvir mashg‘ulotlari, rassomlar bilan ijodiy uchrashuvlar, san’at tarixi bo‘yicha chuqurlashtirilgan ma’ruzalar doimiy tashkil etib boriladi.
Akmal Nurning yangi — “Mening uyim — mening Ka’bam” nomli shaxsiy ko‘rgazmasida muallifning so‘nggi 5 yil mobaynida yaratgan 60 dan ortiq asari o‘rin olgan.
Asarlarning markaziy g‘oyasini milliy qadriyatlarimizga muhabbat, uy, oilaning inson, jamiyat taqdiridagi ajralmas o‘rni va ahamiyati, uni asrab-avaylashga bo‘lgan intilish tuyg‘ulari egallagan.

Muallif 1987 yildan buyon O‘zbekistondagi va xalqaro ko‘rgazmalarda o‘z asarlari bilan ishtirok etib keladi. Uning ijodiy ishlari O‘zbekiston, Shveysariya, Niderlandiya, Germaniya, Belgiya, Italiya, Avstraliya, AQSH, Isroil, Kanada, Marokash, Hindiston, Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston muzeylari va xususiy kolleksiyalarda saqlanadi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi (1997) va raisi hisoblangan Akmal Nur 2003 yilda O‘zbekiston xalq rassomi, 2019 yilda esa “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.
Ustoz ijodkor 2023 yilda “Shanxay Hamkorlik Tashkilotining ezgu niyat elchisi” faxriy unvoni hamda 2024 yili Yaponiya imperatorining "Chiqayotgan quyosh" ordeni bilan ham mukofotlangan.
Ushbu ko‘rgazma mamlakatimiz madaniy hayotida o‘ziga xos voqelik bo‘lgani aniq.
Nazokat Usmonova,
Ulug‘bek Meyliyev (surat), O‘zA