Ustoz maʼrifati: zero paygʻambarlar ham muallim va murabbiylar qilib yuborilgan
Turli tamaddunlar tutashgan Buyuk Ipak yoʻli chorrahasida joylashgan yurtimiz azaldan olimu ulamolari, fozilu fuzalolari bilan dovruq qozongan.
Turli tamaddunlar tutashgan Buyuk Ipak yoʻli chorrahasida joylashgan yurtimiz azaldan olimu ulamolari, fozilu fuzalolari bilan dovruq qozongan.
Ona zaminimizda tugʻilib, kamolga yetgan ulugʻ allomalar, buyuk mutafakkirlarimiz jahon ilf-fani taraqqiyotiga beqiyos hissa qoʻshganligi tufayli bugun yuksak taraqqiy etgan texnika asrida yashash sizu bizga nasib etib turibdi.
Buning uchun Yaratganga qanchalar shukrona qilsak – shuncha oz. Shu bilan birga, bugungi saodatli asrning vujudga kelishida ustozu murabbiylarning ham hissasi katta ekanini unutmaslik zarur. Har yili mamlakatimizda 1-oktyabr ustoz va murabbiylar kuni sifatida keng nishonlanadi. Bu yaxshi, albatta. Lekin sizu bizga taʼlim bergan ulugʻ zotlarni faqat muayyan sanalarda emas, balki har doim eslash, ziyorat qilib, ularning duolarini olish zarur.
Muqaddas dinimizda ustoz va murabbiylarga ehtirom beqiyos. Muallimlik, murabbiylik ‒ buyuk sharaf. Zero, bashariyatning eng afzal vakillari paygʻambarlar ham muallim va murabbiylar qilib yuborilgan.
Oʻqituvchilik kasbi vakillari jamiyatga suv va havodek zarur. Bu muhtaram zotlarni quyoshga oʻxshatish mumkin. Quyosh nuridan barcha birday manfaat koʻrganidek, ustozlarning maʼrifati butun bashariyatga naf keltiradi. Bejiz Abdurahmon Jomiy hazratlari:
Ustoz, murabbiysiz qolganda zamon,
Zulumotdan qora boʻlardi jahon, demagan.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam butun bashariyatga ustoz qilib yuborilganlar. Bu haqda Qurʼoni karimda: “U (Alloh) omilar (savodsiz kishilar) orasiga oʻzlaridan boʻlgan, ularga (Uning) oyatlarini tilovat qiladigan, ularni (shirk va jaholatdan) poklaydigan hamda ularga Kitob (Qurʼon) va Hikmat (Hadis)ni oʻrgatadigan (bir) paygʻambarni (Muhammadni) yuborgan zotdir. Haqiqatan, (ular paygʻambar kelishidan) ilgari aniq zalolatda edilar” (Jumʼa surasi, 2-oyat), deb marhamat qilingan.
Hadisi sharifda: “Alloh meni qiynovchi va qiyinlashtiruvchi qilib emas, balki muallim va osonlashtiruvchi qilib yubordi”, deyilgan (Imom Muslim rivoyati).
Bir alloma ustozi haqida: “Otam meni koʻkdan yerga tushishimga sababchi boʻlgan, ustozim esa yerdan koʻkka koʻtarilishimga sababchidir”, degan ekan. Ota-ona insonning jismini tarbiya qiladi, muallim esa insonning ruhini tarbiyalaydi.
Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam odamlarga ezgulik va yaxshilikni oʻrgatadigan kishilarni maqtab, bunday deganlar: “Albatta, Alloh taolo, Uning farishtalari, osmonlaru yer ahli, inidagi chumoli, hattoki dengizdagi baliq ham odamlarga yaxshilikni taʼlim beruvchining haqqiga duo qiladilar” (Imom Termiziy rivoyati).
Abu Hanifa Noʻmon ibn Sobit shogirdlari bilan ketayotgan edi. Yoʻldan choʻpon podani haydab oʻtib qoldi. Shunda Abu Hanifa otdan tushib, choʻponga salom berib, tavoze koʻrsatdi. Choʻpon ketgach, shogirdlari: “Ustoz, siz Kufada, Basrada dongʻi ketgan olimsiz, oddiy choʻponga bunchalik tavoze koʻrsatishingizning boisi nedir?” deyishdi. Abu Hanifa: “Bu choʻpondan hayvonlar haqida savol soʻragandim. U menga ustozlik qilgan edi. Muallimga tavoze koʻrsatish goʻzal fazilatdir”, dedilar.
Xuddi shunday Alisher Navoiy mulozimlari bilan ketayotib, nogoh koʻzlari yoʻl boʻyida oʻtirgan oʻsmir bolaga tushdi. Hazrat otdan tushib, bolakay salom berib, oldiga bordi va: “Bu yigitcha ustozimizning nabirasi. Biz unga eʼtibor qaratib, ustoz xotiralarini shod ayladik”, degan.
Islom taʼlimotiga koʻra, ustoz nafaqat dunyoda izzat-hurmatda boʻladi, balki vafotidan keyin ham qoldirgan manfaatli ilmi, taʼlim bergan shogirdlarining xizmati, yozgan asarlaridan oʻzgalarning foydalanishi tufayli nomai aʼmoliga savob toʻxtovsiz borib turadi. Hadisi sharifda: “Inson vafot etganda uning amali toʻxtaydi. Faqat uch narsa tufayli (uning nomai aʼmoliga savob yozilib turadi): sadaqai joriya; foydali ilm; duoi xayr qiluvchi solih farzand” (Imom Muslim rivoyati).
Ustozlarni, olimlarni eʼzozlash, ularga hurmat-ehtirom koʻrsatish Sohibqiron Amir Temurning adolat tamoyillaridan biri boʻlgan. “Temur tuzuklari” asarida va boshqa koʻplab manbalarda ham ilm ahliga homiylik qilish buyuk sarkardaning asosiy maqsadi ekani bayon etiladi.
Fransuz sharqshunosi Lui-Matyo Langle oʻzining “Donishmandlik ramzi” asarida: “Amir Temur olimlarga xayrixoh boʻlar, bilimli va halol kishilarga ishonar edi. U tarixchi va faylasuflar, ilm-fan va maʼmuriy sohada bilimdon odamlar bilan suhbatlashish uchun koʻpincha taxtidan ham tushar edi”, deya yozib qoldirgan.
Muxtasar aytganda, bashariyat uchun ham, taraqqiyot uchun ham, tamaddun uchun ham faqat bir narsa kerak: bu – ilm. Bejiz dunyo imomi – Imom Buxoriy hazratlari “Dunyoda ilmdan boshqa najot yoʻq va boʻlmagay!” demaganlar.
Nuriddin domla XOLIQNAZAROV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi