Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ustoz jurnalistning “Yangi O‘zbekiston orzusi” kitobi taqdimoti o‘tkazildi
19:09 / 2025-11-06

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, uyushma a’zosi Salim Doniyorovning “Yangi O‘zbekiston orzusi” nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Unda davlat va jamoat arboblari, ziyolilar, talaba yoshlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid ochib berdi.

[gallery-26111]

–Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tanlab olgan yo‘l Yangi O‘zbekistonni katta va ulug‘vor maqsadlari sari olib bormoqda, –dedi Sirojiddin Sayyid. – Mamlakatimiz qalam ahlining samarali ijod qilishlari yo‘lida zarur barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda. Ijodkor ziyolilar bugungi kunda o‘z mas’uliyati, burchini teran his etib, ona-Vatan ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelmoqdalar. Mohir jurnalist Salim Doniyorovning taqdimoti o‘tkazilayotgan “Yangi O‘zbekiston orzusi” nomli kitobi ham tezkor, yangilanib borayotgan zamon talabiga javob beruvchi maqolalar, suhbatlar, tahliliy materiallarni o‘zida jamlagani bilan diqqatga sazovor.  

Taqdimot anjumanida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori, senator Abdusaid Ko‘chimov, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov va boshqalar mohir jurnalistning yangi kitobi xususida batafsil to‘xtaldi.

Aytish kerakki, “Yangi O‘zbekiston” nashri qariyb olti yil avval 2020 yil 25 yanvardan boshlab chop etila boshlangan edi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi muassisligidagi gazeta milliy matbuotimizga o‘ziga xos ovoz, yangi O‘zbekiston shukuhi bilan kirib keldi. Gazeta qisqa vaqtda davlat va jamoat arboblari, ziyolilar, keng jamoatchilik orasida katta obro‘ va e’tibor, e’tiroflarga sazovor bo‘ldi.

Bu bejiz emas. “Yangi O‘zbekiston” real hayotimizdagi yangilanishlar jarayoni, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar mazmun-mohiyatini oddiy odamlar hayoti misolida tahlil etib, o‘quvchilarga havola qilib kelmoqda. Ayni paytda gazetada davlat va jamoat arboblarining tahliliy fikrlari ham izchil berib borilmoqda.

[gallery-26112]

“Yangi O‘zbekiston orzusi” kitobidan muallifning ana shunday teran tahlil asosida yozilgan maqolalari, davlat va jamoat arboblari bilan suhbatlari o‘rin olgan. Mazkur to‘plamdagi maqola va suhbatlar o‘tgan besh yil davomida “Yangi O‘zbekiston” gazetasida e’lon qilingan. Shu jihatdan kitobni Yangi O‘zbekiston orzusi sari yo‘lga chiqqan katta karvonning o‘ziga xos solnomasi, deyish mumkin. Buni tadbirda ustoz jurnalistlar, yozuvchi va shoirlar ham alohida e’tirof etdi.

Darhaqiqat, kitobni mutolaa qilar ekansiz, yangi O‘zbekistonning qisqa, ammo shonli tarixi, islohotlarning tadrijiy rivoji ko‘z oldingizga keladi. Muallif qalamga olgan har bir mavzu, suhbatida mana shu yangilanishlar jarayonini samimiy, ravon va sodda tilda, ayni damda jurnalistik nigoh bilan chuqur tahlil etgan.

Salim Doniyorov 2020 yildan “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati” davlat muassasasi bosh muharriri lavozimida faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, u O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Boshqaruvi a’zosi hisoblanadi. Taniqli jurnalist, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Salim Doniyorov 2010 yilda “Oltin qalam” tanlovi g‘olibi bo‘lgan. 2020 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni, 2025 yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

Tadbir doirasida Yozuvchilar uyushmasi fotografi Ahmad To‘raning “Yangi O‘zbekiston manzaralari” nomli ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.

Nazokat Usmonova, Oybek Pardayev, O‘ktam Hayitov (surat), O‘zA