Buxoro viloyat Abu Ali ibn Sino nomidagi kutubxona markazida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi tomonidan sohada uzoq yil mehnat qilgan jurnalist Ilhom Safarovning hayot va ijod yo‘liga bag‘ishlangan xotira tadbiri o‘tkazildi. Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari, ijodkorlar, marhumning yaqinlari va talabalar qatnashdi.
Tadbirni O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Buxoro viloyat bo‘limi raisi vazifasini bajaruvchisi Shamshod Ochilov boshqardi. Dastlab faxriy jurnalist, qator davlat mukofotlari sohibi B.Jumayev I.Safarovning ijodiy faoliyati haqida to‘xtaldi. Shuningdek, A.Istamov, X.Bozorov, B.Soliyev singari ustoz jurnalistlar ham kun tartibidagi mavzu yuzasidan fikr-mulohazalarini bayon qildi.
[gallery-23558]
Ilhom Safarov. Elning nazariga tushdi.
– Har inson hayotida unutilmas iz qoldirgan aziz zotlar bo‘ladi. Ular hayotdan o‘tsa ham, qalbimizda tirik, xotiralarimizda muhrlangan. Men uchun otam Ilhom va akam Sanjar Safarov ana shunday insonlardan edi. Otam – 1957 yil 25 aprel kuni dunyoga kelgan nurli inson edilar. Ular 1990-2005 yillarda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Buxoro viloyati muxbiri sifatida samarali mehnat qildi, – deydi jurnalistning qizi Nilufar Safarova. – Padari buzrukvorim nafaqat oilamiz, balki butun Buxoro jurnalistikasi va ma’naviy muhiti uchun yuksak hissa qo‘shgan inson sifatida ko‘plab shogirdlarga o‘rnak bo‘ldi. Mamlakatimizga Islom Karimov rahbarlik qilgan davrlarni yaxshi eslayman. Otam bir necha bor davlat rahbarining nazariga tushib ikki marta sovg‘a sifatida avtoruchka olgan. Bu o‘z navbatida haq so‘z va qalam egalariga bo‘lgan yuksak e’tirof edi. Otam uchun tarbiya, ma’naviy yuksalish va haqiqatni yoritish – hayot ma’nosi bo‘lgan. “Sen mening izdoshimsan, katta jurnalist bo‘lasan”, der edilar. Bu so‘zlar qanot bo‘lib, butun hayotim davomida meni ruhlantirib kelmoqda.
Tadbirda Ilhom Safarovning rafiqasi Gulnora Safarova ustoz jurnalistni hurmat qilib, ko‘ngliga yaqin olganlarga minnatdorchilik bildirdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.