Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ustoz — jamiyat ko‘zgusi, kelajak bunyodkori
15:35 / 2025-10-03

Munosabat

Har yili 1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni yurtimizda katta hurmat va ehtirom bilan nishonlanadi. Bu sana nafaqat o‘qituvchi va murabbiylarning fidokorona mehnati e’tirof etiladigan kun, balki jamiyat rivojida ta’limning hal qiluvchi o‘rni yana bir bor yodga olinadigan, tahlil qilinadigan muhim fursatdir.

Bu yilgi kasb bayrami ayniqsa ilhomlantiruvchi ruhda o‘tmoqda. Chunki jonajon Vatanimizda ta’lim-tarbiya tizimi tubdan yangilanmoqda, ustoz va murabbiylar mavqeini oshirishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar izchillik bilan hayotga tatbiq etilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ustoz va murabbiylarga yo‘llagan samimiy tabrigida keng yoritildi.

Prezidentimiz ta’lim sohasini davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab, “bugungi o‘qituvchi — ertangi davlatimizning qiyofasini belgilab beruvchi asosiy shaxs” ekanini alohida ta’kidladi. Bu nafaqat mas’uliyat, balki ustozlarga bo‘lgan chuqur ishonch ifodasidir.

Oxirgi sakkiz yil ichida ta’lim sohasiga yo‘naltirilayotgan mablag‘lar olti barobar oshirilib, 378 trillion so‘mga yetkazilgani, yuzlab bog‘chalar, maktablar, texnikum va oliy ta’lim muassasalari qurilgani, ular zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanayotgani — bularning barchasi ta’limga strategik yo‘nalish sifatida qaralayotganining yaqqol isbotidir.

Maktabgacha ta’lim qamrovining 27 foizdan 78 foizgacha oshirilgani, bog‘chalar soni 5200 dan 38 minggacha ko‘paygani hamda tarbiyachilar oyligining maktab o‘qituvchilari maoshiga tenglashtirilgani sohaning asosiy bo‘g‘inini mustahkamlash borasidagi jiddiy yondashuv bo‘lmoqda.

Alohida ta’kidlash kerak: “Yangi avlod” bog‘chalarining tashkil etilishi, ularda ilg‘or pedagogik texnologiyalar joriy etilishi maktabgacha ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi.

Maktab ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar ham tubdan va har tomonlama amalga oshirilmoqda. Yangi 12 yillik ta’lim tizimining joriy etilishi, 9 va 11-sinflar uchun yagona davlat imtihonlarining joriy qilinishi ta’limning mantiqiy va samarali davomiyligini ta’minlashga qaratilgan.

Bugungi kunda maktab bitiruvchilari texnikum va oliy ta’lim muassasalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa ta’limda uzviylikni ta’minlash, yoshlarni erta kasbga yo‘naltirishda muhim omildir.

Shuningdek, Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan Kasbiy ta’lim agentligi orqali texnikumlar xalqaro standartlarga mos ravishda qayta isloh qilinmoqda. Germaniya, Buyuk Britaniya, Koreya, Xitoy kabi davlatlar bilan hamkorlikdagi loyihalar orqali talab yuqori bo‘lgan mutaxassislar yetishtirilishi maqsad qilingan.

Umumiy o‘rta ta’limda “maktab maslahatchilari” joriy etilishi esa har bir o‘quvchining iqtidori va qiziqishlarini erta aniqlash, to‘g‘ri kasbiy yo‘nalish berish imkonini yaratadi.

Oliy ta’lim sohasida so‘ngi yillarda erishilgan yutuqlar ham e’tiborli. Oliygohlar soni 77 tadan 202 tagacha ko‘paydi, talabalar soni 1,5 millionga yetdi. Har yili minglab yoshlarimiz dunyoning yetakchi universitetlarida ta’lim olish imkoniga ega bo‘lmoqda.

Pedagog kadrlarning malakasini oshirish, ilmiy faoliyatini rag‘batlantirish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar ta’lim sifatiga bevosita ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Xususan, yangi yildan kamida 15 yil ish stajiga ega oliy toifali o‘qituvchilarga ipoteka krediti uchun davlat tomonidan boshlang‘ich badalning 25 foizini qoplab berish, oliygohlarda o‘qiydigan farzandlariga kontrakt to‘lovlariga chegirma berish, imtiyozli kreditlar ajratish kabi choralar soha vakillari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

Mamlakatimiz rahbarining ta’limga, ayniqsa, ustoz shaxsiga bo‘lgan munosabati juda ochiq: u kishi o‘qituvchi va murabbiylarni jamiyatning ma’naviy tayanchi, taraqqiyot poydevori sifatida qadrlaydi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, tarixda ikki buyuk Renessans davrida yuzlab allomalar, mutafakkirlar yetishib chiqqan bo‘lsa, ularni kamol toptirgan, ilmga oshno qilgan aynan ustoz va muallimlardir. Bugungi kunda bunyod etilayotgan Uchinchi Renessans poydevori ham aynan bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, Vatanga sadoqatli avlodni tarbiyalashga bor kuchini bag‘ishlayotgan ustozlar orqali qo‘yilmoqda.

Shunday e’tibor, rag‘bat va imkoniyatlar yurtimizda ta’limga, ustozlarga bo‘lgan munosabat qay darajada yuksak ekanini ko‘rsatadi. Bu ma’naviy qayta uyg‘onish yo‘lida tashlangan mustahkam qadamlardir.

Demak, bizning oldimizda turgan vazifa aniq: Prezidentimiz belgilab bergan strategiya va maqsadlar asosida ta’lim sifatini yanada oshirish, yosh avlodning salohiyatini ro‘yobga chiqarish va eng muhimi, ustoz va murabbiylik kasbini jamiyatdagi eng nufuzli va qadrli kasbga aylantirish.

Hilola YUSUPOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.