Yangiyer shahar adliya bo‘limi tomonidan fuqaroning buzilgan mehnat huquqlarini tiklash maqsadida kiritilgan taqdimnoma to‘liq qanoatlantirildi.
Qisqa tafsilot shuki, Yangiyer shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining AKT ni joriy etish va ta’lim tashkilotlarini raqamlashtirish metodisti lavozimida ishlovchi D. X. ga 2024-yil noyabr oyidan buyon belgilangan tartibdagi 100 foizli ustamalar to‘lanmagan edi.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-fevraldagi “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini yanada takomillashtirish chora‑tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining 7‑bandiga ko‘ra, davlat organlari va boshqa byudjet tashkilotlarining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini joriy etish va rivojlantirishga mas’ul bo‘lgan xodimlarga lavozim maoshidan 100 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda oylik ustama belgilangan. Belgilangan ustama davlat byudjetidan yoki tashkilotning byudjetdan tashqari mablag‘laridan to‘lanishi ko‘rsatib o‘tilgan, – dedi Yangiyer shahar adliya bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Javohir Komilov.
Adliya bo‘limi Mehnat kodeksining tegishli moddalariga tayanib, ish beruvchining moliyaviy ahvolidan qat’i nazar, xodimga ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni to‘liq hajmda to‘lashi shartligini sudda asoslab berdi.
Natijada xodimga 38 338 375 so‘mdan ortiq ustamalar to‘lab berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri